10 May 2021 2352

“Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari uchun mahorat saboqlari o‘tkazildi

Prezidentimizning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi tom maʼnoda yurtimizning ertangi mard va jasur o‘g‘lonlarini tarbiyalaydigan maskanga aylandi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bu dargohda tarbiyalanayotgan yoshlarning jismonan sog‘lom bo‘lib yetishishlarida o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Toshkent shahrida joylashgan “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularni har tomonlama barkamol, kelajakda harbiy xizmatga jismonan va ruhan matonatli jasur xodim sifatida tarbiyalash, shuningdek, maskanga yetakchi murabbiy va sport mutaxassislarni jalb etgan holda sport seksiyalarini tashkil etish, natijada xalqaro miqyosida o‘tkaziladigan harbiy sport musobaqalarida ishtirok etishi uchun istiqboli yosh harbiy sportchilar zaxirasini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan.

Mazkur bitim ijrosini taʼminlash maqsadida “Temurbeklar maktabi” tarbiyalanuvchilari Mirzo Ulug‘bek tumani 1-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan “Mahorat saboqlari” tadbirida ishtirok etishdi. Unda yetakchi sport ustalari tomonidan sportning boks, qo‘l jangi, sambo, dzyudo va erkin kurash kabi yakkakurash turlari, suzish bo‘yicha master klasslar namoyish etishdi.

Kelajakda o‘quvchilar o‘zlarining qiziqishlari asosida maʼqul sport turlari seksiyalariga aʼzo bo‘lishadi hamda muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishadi.

Text to speech