8 May 2021 1875

Tokio-2020: Tashkiliy qo‘mita ishtirokchilarga o‘z talablarini qo‘ydi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi bilan hamkorlikda Milliy Olimpiya qo‘mitalari uchun bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida delegatlar, sportchi va murabbiylarga taalluqli yangilangan yo‘riqnomalar bo‘yicha onlayn brifing tashkil etdi.

Ushbu onlayn brifingda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, terma jamoamiz tarkibida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi kutilayotgan federatsiya va assotsiatsiyalarning masʼul vakillari ishtirok etib, barcha shartlar bilan tanishishdi.

Tadbir davomida har bir delegatlarning o‘z shahridan uchib ketishidan tortib, Tokioga yetib borgunlarigacha bo‘lgan davr, Olimpiya o‘yinlari mobaynida kunlik rejalari, borishi mumkin bo‘lgan hududlar, ular foydalanadigan transportlar bo‘yicha batafsil tushuntirildi. Unga ko‘ra, Tashkiliy qo‘mita tomonidan quyidagi qatʼiy talablar qo‘yilgan:

• Barcha delegatlar har kuni COVID-19 uchun test topshirishlari shart;
• Musobaqa ishtirokchilari, shu jumladan, rasmiylar, OAV vakillariga jamoat transportidan foydalanish mumkin emas;
• Safar davomida Yaponiya hukumati talab etadigan barcha karantin talablariga qatʼiy rioya etiladi;
• Niqobsiz yurish, boshqa shaxs bilan 2 metr masofadan kam bo‘lgan oraliqda 15 daqiqadan ortiq suhbatlashish va birga turish mumkin emas;
• Safardan avvalgi 96 soat vaqt ichida barcha 2 bor (ikkinchisi sinov kamida 72 soat avval) COVID-19 uchun test topshirgan bo‘lishlari shart. Tokioga yetib kelishgach yana bir bor test topshiriladi;
• Musobaqa davomida olinadigan kunlik tahlillar jo‘nab ketish oldidan talab etiladigan test uchun o‘z kuchini yo‘qotadi;
• Delegatsiyaning barcha vakillarining smartfonida COCOA ilovasi mavjud bo‘lishi va unda o‘z salomatliklari bo‘yicha kunlik maʼlumotlarni joylab turishlari shart;
• Har bir delegatsiya COVID-19 tahlillari uchun o‘z masʼullarini biriktirishi kerak. Bu borada MOQ qoshidagi RSTIAMdan 2 vakil jalb etilgan. Ular musobaqa davomida Yaponiya Sog‘liqni saqlash organi, Tashkiliy qo‘mita va XOQ mutasaddilari bilan doimiy aloqada bo‘lib turadi;
• O‘z dasturini tugatgan sportchilar 48 soat ichida Olimpiya shaharchasini tark etishi lozim.

Shuningdek, XOQ talabiga ko‘ra delegatlarning emlanishi majburiy emasligi, biroq vaksinatsiya qilinishi maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi. Ammo safar davomida yuqoridagi talablarga qatʼiy rioya qilinishi aytildi. Ovqatlanish joyida ijtimoiy masofani taʼminlash uchun bir qator choralar ko‘riladi. Bunda mehmonlar har kunlik menyular bilan smartfonlari orqali tanishib borishlari mumkin.

Text to speech