26 May 2023 1018

Jasur Jaloliddinov: “Oldida ulkan marralari bor jamoa hech qanday raqibdan qoʻrqmasligi kerak”

Kecha 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatining birinchi saralash bosqichiga qurʼa tashlandi. Unda Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi “Ye” guruhidan oʻrin olib, Eron, Gonkong va Afgʻoniston termalariga qarshi bahs olib borishi haqida xabar bergan edik. Quyida terma jamoamiz va “Olimpik” klubi sardori Jasur Jaloliddinov bilan qurʼa yakuni boʻyicha kichik suhbatni eʼtiboringizga havola qilamiz:

– Jamoa sardori sifatida qurʼa haqidagi fikrlaringiz qanday?
– Biz joy olgan “Ye” kvarteti yaxshi guruh boʻldi deb oʻylayman. Oʻzbekiston va Eron jamoalarining ushbu guruhdan oʻrin olgani uchun bahslar qiziqarli kechishini taxmin qilyapman. Fikrimcha, birinchi oʻrin uchun kurash aynan ushbu jamoalar oʻrtasida kechadi. Oʻtgan yili yurtimizda oʻtgan Osiyo kubogida Eronni guruhda qoldirib ketganimiz uchun ular bu musobaqaga ancha jiddiy tayyorgarlik koʻrib kelishi aniq. Shu bois ikkala jamoa oʻrtasidagi bahs qiziqarli kechishiga shubha yoʻq.

– Ushbu bosqichning Osiyo oʻyinlaridan oldin oʻtishi qanday ahamiyat kasb etadi?
– Bellashuvlar yakunlanganidan soʻng Osiyo oʻyinlariga yoʻl olamiz. Shu bois undagi har uch bahs muhim musobaqa oldidan tayyorgarlik vazifasini oʻtab beradi. Nasib qilsa, uchala oʻyinda ham gʻalaba qozonib, Qatarda oʻtadigan final bosqich yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan holda Osiyo oʻyinlariga joʻnab ketamiz.

– Qurʼada ikkinchi savatdagi eng kuchli jamoa tushganida oʻzingiz va qolgan yigitlarning reaksiyasi qanday boʻldi?
– Eron bilan bir guruhdan oʻrin olganimiz ajablanarli boʻlmadi. Buni xotirjam qabul qildik. Chunki biz oʻz kuchimizga ishonamiz. Oldimizga katta maqsadlarni qoʻyganmiz. Oldida ulkan marralari bor jamoa hech qanday raqibdan qoʻrqmasligi kerak.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo kubogining birinchi saralash bosqichi 4-12-sentyabr kunlari oʻtkazilib, “Ye” guruhi bahslariga Toshkent shahri mezbonlik qiladi.

Text to speech