23 May 2023 1080

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi zamonaviy ilm-fan va oliy sport yutuqlarini rivojlantirish boʻyicha yana bir xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

Oʻtgan hafta Oʻzbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida oʻtgan “Rossiya-Islom dunyosi KazanExpo 2023” forumi doirasida Rossiya Sport vazirligi va Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish borasida uchrashuv oʻtkazgan edi. Qisqa fursat ichida kelishib olingan masalalarni amalga oshirish boʻyicha izchil harakatlar boshlandi.

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga Rossiya Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Rodion Plituxin tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi olib, unga yurtimizda Olimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Uchrashuv davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikning yangi bosqichi boʻyicha fikr almashishdi.

Oybek Omilovich terma jamoalarimiz muntazam ravishda Rossiyaning koʻplab shaharlarida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini olib borishini taʼkidlab, ushbu jarayonni tashkillashtirishda koʻrsatayotgan yordami uchun Rossiya tomoniga minnatdorchilik bildirdi. Oʻz navbatida, Rodion Plituxin ham ikki Qoʻmitaning uzoq yillik hamkorligi, oʻzbek sportchilarning yirik musobaqalarda, xususan, Osiyo bolalari oʻyinlari hamda yaqindagina yakunlangan boks boʻyicha jahon chempionatida qayd etgan yuqori natijalarini alohida tilga oldi.

Shundan soʻng ushbu hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston va Rossiya Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasida memorandum imzolandi. Undan ijtimoiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, hududlarda Olimpizmning pok va ezgu qadriyatlari targʻibotini kuchaytirish, ommaviy sport va oliy sport yutuqlari, ilm-fan yoʻnalishidagi muvaffaqiyatlar boʻyicha tajriba almashish kabi masalalar oʻrin olgan. ROQ Bosh kotibi mamlakatimizga tashrifi davomida yana bir qator loyihalarda ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Text to speech