6 May 2021 2386

O‘zbekiston boks federatsiyasi Navoiy viloyati bo‘limiga yangi rais tayinlandi

Yaxshi bilasiz, O‘zbekiston boks federatsiyasi so‘nggi paytlarda viloyat bo‘limlari ishini takomillashtirish, hududlarda boks rivojini kuchaytirish masalasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu borada bugungi kungacha bir necha hududiy bo‘limlarga yangi raislar tayinlandi. Ana shunday o‘zgarishlardan biri Navoiy viloyatida bo‘ldi. Bugun viloyat markazida O‘zbekiston boks federatsiyasi Navoiy viloyati bo‘limining navbatdan tashqari hisobot konferensiyasi tashkil etildi.

Unda MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari ham ishtirok etishdi. Kun tartibidan o‘rin olgan asosiy masala viloyat bo‘limiga yangi rais tayinlashdan iborat edi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi ustavining 5-bandiga binoan federatsiya rahbariyatining tavsiyasiga asosan bir necha yillar davomida Navoiy viloyatining turli tashkilotlariga rahbarlik qilib kelgan, sohada katta mehnat tajribasiga ega bo‘lgan Sardor Abduqodirovich G‘afforov Navoiy viloyati bo‘limi raisi etib tayinlandi.

Yig‘ilish davomida federatsiya rahbariyati tomonidan viloyat bo‘limida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi. O‘z navbatida, Sardor G‘afforov bildirilgan ishonchni oqlashga, Navoiy viloyati boksini yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilishini taʼkidladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan ko‘p yillik mehnati va viloyatda boks rivojiga qo‘shgan hissasi uchun murabbiylar Aleksandr Petrov va To‘lqin Mahammatovga ehtirom ko‘rsatildi.

Text to speech