1 May 2023 1307

Yengil atletikachilarimiz Osiyo chempionatida oʻn ikkita medal qoʻlga kiritishdi

Poytaxtimiz mezbonlik qilgan yengil atletika U18 yosh toifasidagi qitʼa birinchiligi oʻz nihoyasiga yetdi. 4 kun davom etgan musobaqada qitʼamizning 40 ga yaqin mamlakatidan 500 nafar sportchi gʻoliblik uchun bahs olib bordi.

Chempionatning soʻnggi kunida qizlar oʻrtasida 2000 metrga stipl-chez yugurishida Mahliyo Muhammadjonova 7:10.49 daqiqa bilan marraga birinchi boʻlib yetib keldi va jamoamizga uchinchi oltin medalni taqdim qildi. Yetti kurash bahslarida 4739 ochko jamgʻargan Anna Chikalova hamda disk uloqtirish sektorida roppa-rosa 54 metr natija qayd etgan Abduaziz Rahmatullayev bronza medaliga sazovor boʻlishdi.

Shu tariqa, murosasiz bellashuvlarda Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari 3 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza, jami 12 ta medalni qoʻlga kiritishdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ushbu muvaffaqiyat bilan atletlarimiz va ularning murabbiylari qutlab, yurtdoshlarimizga kelgusi musobaqalarda ham omad tilaydi.

Text to speech