1 May 2021 3891

Uyushmagan yoshlarni sport ostida birlashtiramiz

Bugun “Bunyodkor” stadionida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamkorligida ommaviy sport tadbiriga start berildi. Unda poytaxtimizdagi 12 tumanining profilaktik, probatsiya hisobida turgan hamda uyushmagan yoshlar mini-futbol, stol tennisi va estafeta yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Toshpo‘latov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov ishtirok etishdi. Mutasaddilar so‘z navbatida Prezidentimiz tomonidan har bir qatlamdagi yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratib berilayotgan sharoitlar, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida to‘xtalib o‘tishdi.

“O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi muhtaram Prezidentimiz ilgari surayotgan Milliy g‘oya – Sog‘lom turmush tarzini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, Olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini targ‘ib qilish, ushbu jarayonga yoshlarni ham jalb qilish borasida izchil ishlarni davom etirmoqda. O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, hususan Toshkent shahar Bosh boshqarmasi tomonidan ham ommaviy sportni targ‘ib qilish, aholi salomatligi va xavsizligini mustahkamlash masalasida ko‘plab amaliy tadbirlar tashkil etib kelinayotganidan xursandmiz. Prezidentimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning tinchligi, xavsizligi yo‘lida olib borayotgan ulkan xizmatlaringizdan minnatdormiz. O‘zaro hamkorligimiz bardavom bo‘lsin!”, – dedi MOQ raisi.

Reglamentga ko‘ra, bugun musobaqaning saralash bahslari bo‘lib o‘tadi. Ertaga esa final bellashuvlari va yopilish marosimi o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Taʼkidlash joiz, ushbu musobaqani tashkil etishdan maqsad jismoniy tarbiya va sportni aholimizning har bir qatlami o‘rtasida targ‘ib qilish, uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanishlarini tashkil etishdan iboratdir.

Text to speech