6 Fevral 2023 2637

Turkiyada boʻlib turgan oʻzbekistonlik sportchilarning salomatligi toʻliq nazoratga olingan

Turkiyaning janubi-sharqiy hududlarida kuchli zilzilalar sodir boʻlmoqda. Ayni paytda bir qator sport turlarida terma jamoalarimiz va klublarimiz ushbu mamlakatda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini olib borish bilan birgalikda xalqaro musobaqalarda ham ishtirok etishmoqda. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi terma jamoalarimizning holati boʻyicha quyidagilarni maʼlum qiladi.

Erkin kurash boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiyaning Kaxramanmarash shahrida 3-6-fevral kunlari oʻtishi belgilangan xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan edi. Biroq mazkur hudud ayni paytda epitsentr markaziga aylanib qoldi. Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi yordami bilan sportchilarimizni Anqara shahriga joʻnatish choralari koʻrilmoqda. Shundan soʻng terma jamoamiz Anqara-Istanbul-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha mamlakatimizga qaytib keladi. Hozirda sportchi va murabbiylarning barchalari sogʻ-salomat.

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi Bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev bugun Istanbulga joʻnab ketdi. U yosh sportchilarimizning Oʻzbekistonga eson-omon qaytib kelish ishlariga boshchilik qiladi.

Shuningdek, velosport boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Alaniya, baydarka va kanoeda eshkak eshuvchilarimiz esa Belek shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib borishmoqda. Zilzila ushbu hududlarga katta taʼsir oʻtkazmagan va mashgʻulotlar reja asosida davom etyapti.

Qolaversa, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ham Turkiya yigʻinida boʻlib turgan bir nechta futbol klublari va turli yoshdagi terma jamoalarimiz aʼzolarining salomatligi yaxshiligi haqida rasmiy maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Turkiyada boʻlib turgan hamyurtlarimizga zarur hollarda mamlakatimizning Anqaradagi Elchixonasi (+90-312-441-38-71, +90-312-441-17-46) yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga (+90-212-323-20-37, +90-212-323-20-39) murojaat qilishlari mumkinligini maʼlum qildi.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanga xalqimiz nomidan hamdardlik yoʻllab, Turkiyaga Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilar guruhi va maxsus texniklar yuborilishi boʻyicha topshiriq berdi.

Text to speech