22 Noyabr 2020 2622

Aram Vardanyan: "Saralash bahslari finaldan qolishmadi”

Xabaringiz bor, 17-19 noyabr kunlari Navoiy shahrida sport kurashlari bo'yicha O'zbekiston chempionati bo'lib o'tdi. Uzoq davom etgan karantindan keyin o'tkazilgan kattalar o'rtasidagi ilk musobaqada Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan yunon-rum, erkin va ayollar kurashi vakillari gilamga chiqishdi. Uch kun davomida jami 30 ta vazn toifasida g'olib va sovrindorlar nomi ma'lum bo'ldi.

Biz yunon-rum kurashi musobaqasining 72 kg vazn toifasidagi bahslarida chempionlik shohsupasiga ko'tarilgan jahon chempionati sovrindori Aram Vardanyandan intervyu oldik. U finalda navoiylik Alijon Xuseynovni mag'lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarilgan edi.

– Aram, nihoyat uzoq tanaffusdan so'ng gilamga qaytdinglar. Ayni paytda musobaqa juda ham kerak edi. Umumiy taassurotlar qanday bo'ldi?

– Ha, juda ham to'g'ri. Barchamiz musobaqalarni sog'ingandik. Sakkiz oylik tanaffusdan so'ng musobaqada ishtirok etdik. Taassurotlar bir olam. Chempion bo'lganimdan xursandman. Sovrindorlar safidan joy olmagan kurashchilar ham Navoiydan yaxshi kayfiyatda qaytishdi. Chunki, uzoq muddat davomida musobaqada qatnashmagan edik.

– Afsuski, pandemik vaziyat o'z so'zini aytmay qolmadi. Bu natijalarda ham aks etdi…

– Xuddi shunday. Katta tanaffus baribir ta'sirini o'tkazdi. Juda ko'pchilik kasallikni o'z boshidan o'tkazdi. Shaxsan o'zim ham koronavirusni engib o'tdim. Buni berkitishning hojati yo'q. Raqiblar ham qiynalishdi. Bir so'z bilan aytganda, hech kimga oson bo'lmadi. Lekin chempionat bellashuvlari murosasiz kechdi. Saralash bahslari finaldan qolishmadi.

 

– Endigi rejalar qanday?

– Dekabr oyida jahon chempionatida ishtirok etishimiz kerak edi. Ammo, Serbiyadagi yilning eng katta musobaqasi hozirgi vaziyat sabab bekor qilindi. Jahon chempionatining o'rnida Jahon kubogi o'tkazilar ekan. Hozircha bu musobaqada qatnashishimiz ma'lum emas. Musobaqa bo'lmagan taqdirda, o'quv-mashg'ulot yig'inimiz o'tkaziladi. Olimpiada lisenzion musobaqasiga tayyorgarlik ko'ramiz.

 

O'zbekiston Sport kurashlari assosiasiyasi matbuot xizmati

Text to speech