27 Noyabr 2020 2584

Azizjon Kamilov: "IJF bilan keng qamrovli hamkorlik yo'lga qo'yilgan»

Yoshlar o'rtasidagi O'zbekiston chempionati bilan yurtimizda dzyudo musobaqalari restarti amalga oshdi. Kattalar terma jamoamiz Budapeshtda o'tgan "katta Dubulg'a" turnirida ishtirok etgan bo'lsa, yoshlarimiz (2000-2002 yilda tug'ilganlar) o'tgan haftada poytaxtimizdagi "Universal" sport majmuasida jam bo'lishdi.

Ta'kidlash joiz, musobaqa ko'tarinki kayfiyatda, murosasiz bellashuvlarga boy tarzda o'tdi. Ishtirokchilarning uzoq davom etgan karantindan keyin tatamini sog'inib qolishgani ularning xatti-harakati va intilishlaridan shundoqqina sezilib turdi. E'tiboringizga musobaqalarning qayta boshlanishi hamda istiqboldagi rejalar xususida O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi raisi o'rinbosari, O'zbekiston dzyudo federasiyasi raisi Azizjon Kamilov bilan tashkil qilingan suhbatni havola qilamiz.

– Azizjon Yakubjanovich, Budapeshtdagi musobaqadan so'ng yurtimizda ham nihoyat dzyudo restarti amalga oshdi. O'zbekiston chempionati muvaffaqiyatli tarzda o'tdi. Keling, suhbatimizni ayni mavzu bo'yicha fikrlaringiz bilan boshlasak.
– Birinchi galda shunday qiyin vaziyatga qaramay, Budapesht "katta Dubulg'a" turnirini yuqori saviyada tashkil etgan Vengriya hukumati va mamlakat dzyudo federasiyasi hamda xalqaro dzyudo federasiyasi (IJF)ga o'z tashakkurimni izhor qilaman. Safarda bo'lganimizda, bu haqda ularning o'zlariga ham aytdim. Haqiqatan ham, musobaqa tashkiliy jihatdan kutilganidan a'lo darajada o'tkazildi. Restart dzyudo oilasi uchun muvaffaqiyatli chiqdi desam yanglishmayman. Endi albatta, karantin sabab dzyudosiz o'tgan sakkiz oylik tanaffus o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi. Istaymizmi yo'q, uzoq muddatli musobaqalarsiz davr natijalarda o'z aksini topdi. Bu holatda keskin fikr bildirish ham noo'rindek. Buni tabiiy jarayon sifatida qabul qilish kerak, nazarimda. -66 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Sardor Nurillaev 5-o'rin hamda qimmatli 360 reyting ochkosini qo'lga kiritdi. Qolgan dzyudochilarimiz ham etib borgan bosqichlariga qarab ma'lum reyting ochkolarini o'z hisoblariga yozib qo'yishdi. Albatta, Ilias Iliadis boshchiligidagi murabbiylar shtabi Vengriyadagi turnirni chuqur tahlil qilishdi. Yo'l qo'yilgan kamchiliklar ustida ishlashyapti. O'z o'rnida biz jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo'mitasi bilan hamkorlikda Dzyudochilarimizning avvalgi sport formalariga qaytishlari uchun bor imkoniyatni ishga solyapmiz. Shu maqsadda Toshkentda besh davlat – Misr, Gruziya, Qirg'iziston, Frantsiya va O'zbekiston terma jamoalari ishtirokida xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'ini tashkil etildi. Ishtirokchi davlatlar Toshkentga o'zlarning kuchli tarkiblari bilan kelishdi. Olimpiada va jahon chempionatlari g'olib hamda sovrindorlari ishtirokidagi ushbu yig'in barcha qatnashchilar uchun foydali bo'ldi deb o'ylayman.

– Budapesht turniri doirasida siz IJF prezidenti Marius Vizer bilan uchrashdingiz. Suhbat davomida qanday masalalar muhokama qilindi?

– O'zbekiston dzyudo federasiyasi hamda IJF o'rtasida keng qamrovli hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Xalqaro dzyudo federasiyasining "maktablarda dzyudo" loyihasi yurtimizda amaliyotga tatbiq etilmoqda. IJF tomonidan ushbu maktablarga tatami va kimanolar etkazib berilmoqda. Hakamlarimiz Osiyo va jahon chempionatlari, "Masters", "katta Dubulg'a", Gran-pri turnirlariga taklif etilyapti. Poytaxtimizda Gran-pri turniri muntazam o'tkazib kelinmoqda. O'tgan yilgi ushbu turnir ilk bor muhtasham "Humo Arena"da yuqori saviyada tashkil qilindi. Buni yurtimizga tashrif buyurgan mutaxassislar, xalqaro ekspertlar ham e'tirof etishdi. Buning natijasida mamlakatimizga tarixda ilk bor kattalar o'rtasidagi jahon chempionati mezbonligi ishonib topshirildi. Afsuski, pandemik vaziyat sabab ushbu musobaqa 2021 yil o'tkazilmaydi. IJF prezidenti bilan Budapeshtdagi uchrashuvimizda ayni masala ham muhokama qilindi. Janob Vizer koronavirus bilan bog'liq vaziyat tufayli Toshkentda o'tkazilmay qolgan kattalar o'rtasidagi jahon chempionatini 2022 yilga ko'chirish taklifini berdi. O'ylaymanki, biz hukumatimizning qo'llab-quvvatlashi bilan ikki Olimpiada o'rtasidagi yilning eng nufuzli musobaqasini yuqori saviyada tashkil etamiz. Shu o'rinda yana bir kutilayotgan yangilikni aytib o'tmoqchiman. Bo'lajak jahon chempionati doirasida xalqaro biznes forum ko'rgazmasining o'tkazilishi rejalashtirilmoqda. Darvoqe, 2022 yilda O'zbekiston dzyudosining 80 yilligi ham keng nishonlanadi. Ko'rib turganingizdek, rejalarimiz ulkan. Yil so'nggiga qadar kattalar va o'smirlar o'rtasidagi O'zbekiston chempionatlarini o'tkazamiz. Nasib qilsa, kelgusi yilning yanvar oyida dzyudochilarimiz Qatarda o'tkaziladigan yangi mavsumning dastlabki musobaqasida ishtirok etishadi.

Text to speech