29 Noyabr 2020 4032

Sherzod Tashmatov: "Murabbiy ham, sportchi ham zimmasidagi mas'uliyatni oshirmasa, natijaga erisholmaydi”

"OlympicUz" axborot-tahliliy dasturining bu galgi soni Tokioda bo'lib o'tadigan XXXII Olimpiya o'yinlariga o'zbekistonlik sportchilarning tayyorgarligiga bag'ishlandi. Dastur mehmoni – O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi raisi o'rinbosari v.b., O'zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi raisi Sherzod Tashmatov bo'ldi.

– Sherzod Rixsiboevich, avvalambor, Milliy Olimpiya qo'mitasida mas'uliyatli lavozimga tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Sizni malakali, etuk sport menejeri sifatida yaxshi bilamiz. Rio-2016 Olimpiadasida bokschilarimiz qo'lga kiritgan natijalarda sizning ham bevosita hissangiz bor. Yangi lavozimda yangi strategiyalar ishlab chiqdingizmi? Ularni amalga oshirish mexanizmlari qanday kechadi?

– O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi "O'zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risida"gi PQ-2821-son qarori biz uchun dasturilamal. Bu borada O'zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo'mitasi tomonidan tizimli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Bu nimalardan iborat? Avvalo, joylarda o'tkazilayotgan har bir o'quv-mashg'ulot yig'inida ishtirok etib, o'sha erdagi sportchi va murabbiylarning holati va sharoitini o'rganuvchi, muammolarni hal qilishga yordam beradigan ishchi guruh tuzilgan.

– Shu paytgacha dzyudo, engil etletika, suzish, kamondan otish, boks kabi sport turlari faoliyati o'rganildi. O'rganish jarayonida qanday xulosalar qilyapsiz? Muammolar kuzatilayotgan bo'lsa, ularning echimi borasida qanday vazifalar taklif qilinyapti?

– Ish bor joyda kamchilik bo'ladi. Qandaydir muammo kuzatilsa, ishchi guruh tomonidan masala joyida hal qilinadi. Avvalo, sportchi qilayotgan ishi oilasi, Vatani uchun qanchalik muhimligini qalbiga joylay olsa, u yanada jadallashadi. Murabbiy ham, sportchi ham zimmasidagi mas'uliyatni oshirishi kerak. Biz yo'l-yo'riq ko'rsatishimiz mumkin. Lekin murabbiy yoki sportchi zimmasidagi yukni his etmasa, o'z ustida ishlamasa, kerakli natijaga erishish qiyin kechadi. Shu paytgacha saralash va selektsiya bosqichlari o'tkazildi. Iqtidorli yoshlar tanlab olindi. Lekin iqtidori bo'lgani bilan tajribasi, psixologik yondashuvi bo'lmasa, tizimli ravishda bitta murvat ishlamasa, butun mexanizm noto'g'ri ketayotgan bo'ladi. Men Tokioda yurtimning bayrog'ini ko'taraman, degan ezgu qarash bo'lmas ekan, ko'zlagan marraga erishish qiyin kechadi.

– Pandemiya musobaqa va mashg'ulotlarning kam o'tkazilishi bilan yodda qoladigan bo'ldi. Sportchi raqibini his qilishni o'rganmas ekan, g'alaba qozona olmaydi. Mana shu kamchiliklarga echim topish uchun qanday takliflarni bildirasiz?

– Karantin davomida sportchilarimiz onlayn mashg'ulotlarni olib borishdi. Buning uchun etarli shart-sharoitlar yaratib berildi. Har bir sport federasiyasi va assosiasiyalaridagi etakchi sportchilarga 3-4 nafardan munosib sparring-raqib saralab olinib, mashg'ulotlar o'tkazishi uchun imkoniyat berilyapti. Ular kamida respublika chempioni, xalqaro turnirlar g'olibi, yoshlar terma jamoasi a'zolari bo'lishi kerak. Nega yoshlardan olinyapti? Sababi, kelajakda aynan shu yoshlar navbatdagi musobaqalar uchun tajriba orttirish imkoniga ega bo'lishadi.

– Sherzod Rixsiboevich, epidemiologik vaziyat nafaqat bizga, balki butun dunyodagi sportchilarning jismoniy holatiga rahna solyapti, musobaqalar formatlari o'zgarib ketdi. Tokio Olimpiadasiga pandemiya qanday ta'sir ko'rsatadi, deb o'ylaysiz?

– Olimpiada uchun harakat qilayotgan har bir federasiya oldida aniq belgilangan dastur va chora-tadbirlar rejasi bo'ladi. Musobaqalar noma'lum muddatga qoldirilgani sabab qiyinchiliklar tug'ilyapti. Lekin bu sportchi shu erda to'xtashi kerak, degani emas. O'zi ham echim qidirishi, vaziyatdan chiqib ketish yo'llarini izlashi kerak. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo'mitasi mutaxassislari hamisha muloqotdamiz. Qaerda muammo sezilsa, tezkor hal qilish uchun yondashamiz.

– Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlari va Parij-2024 Olimpiya o'yinlari uchun talab har qachongidan ko'ra yuksakroq bo'lmoqda. Vaqt esa kutib turmaydi. Selektsiya siyosatini yuritishda ko'proq nimaga e'tibor qaratilyapti?

– Har bir sport turida asosiy tarkibda eng zo'r, iqtidorli sportchi bo'lishi kerak. Sportchilarni shakllantirish manbai qaerda? Chekka-chekka hududlarda musobaqalar tashkillashtirib, respublika turnirlarida ishtirokini kuzatib, navbatdagi Olimpiya tsikli uchun tayyorlash kerak. Garchi o'smirlar Olimpiadasi 2026 yilga qoldirilgan bo'lsa-da, fojia yasamasdan, hozirgi o'smirlarga kengroq sharoit yaratib berib, ularga katta musobaqalar hadisini olishni o'rgatishimiz, Osiyo o'yinlari muhitini his etishini ta'minlab berishimiz kerak. Shunda bitta avlodni yo'qotib qo'ymaymiz.

– Engil atletika va suzish bo'yicha eng ko'p medallar jamlanmasi o'ynalishiga qaramay, Olimpiya o'yinlarida o'zbekistonlik sportchilar medallar uchun yaqin ham borishmagan. Nafaqat lisenziyalar sonini oshirish, balki sovrinli o'rinlarga ham da'vogarlik qilish uchun nimalarga e'tibor qaratish kerak?

– Har bir sport federasiyasi va ularning hududlardagi bo'limlarini imkon qadar mutaxassislar bilan shakllantirish kerak. Hayotini shunga bag'ishlagan insonlar bilan kadrlar zaxirasini yaratish lozim. O'z ishini yaxshi biladigan murabbiy, hakam, shifokor, selektsionerni joy-joyiga qo'ya olsak, natijaga erishish mumkin. Xalqaro darajada ishlay oladigan mutaxassislargina samara beradi. Zarur turnirlarda qatnashishni va sovrinli o'rinlar qayd etishni, kezi kelganda, o'quv-mashg'ulot yig'inlari tashkil etish kerakligini bilishi lozim.

– Sizni muvaffaqiyatli sport menejeri sifatida dastlab muay-tay, keyinchalik boksda qo'lga kiritilgan g'alabalar uchun mas'ul kishi, deb bilishadi. Milliy Olimpiya qo'mitasidan tashqari, O'zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi raisligi ham zimmangizda turibdi. Shu ma'noda, muxlislaringiz ushbu sport turida ham muvaffaqiyatli yurishlar kutishi tabiiy.

– 2019 yil iyun oylarida tashkilot rahbarligiga kelgan bo'lsam, yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatini ilk marotaba Toshkentda o'tkazdik. Bu taekvondoning yanada rivojlanishga juda katta turtki berdi. "Xalqlar do'stligi" saroyi maydonida 3000 nafar yosh ishtirokida fleshmob tashkil etdik. Hattoki Butunjahon taekvondo federasiyasi prezidenti Chung Von Choi janoblari ham bunday katta hajmdagi fleshmobni hayrat bilan qabul qildi va minnatdorchilik bildirdi. Endi bevosita Olimpiada masalasiga kelsak, taekvondoda Gran-Pri musobaqalari bor. Unda dunyo reytingida kuchli o'ttiztalikka kirgan sportchilar bahs olib borishadi. Nikita Rafalovich, Svetlana Osipova, Nigora Tursunqulova, Madinabonu Mannopova kabi sportchilarimiz Iordaniya, Turkiya kabi davlatlardagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib kelishdi. Bir so'z bilan aytganda, terma jamoada etarlicha iqtidorli sportchilarimiz bor. Ularning yordami bilan biz ko'zlangan natijaga albatta erishamiz.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Zafar Imomxo'jaev suhbatlashdi.

Text to speech