22 Dekabr 2020 4625

Olga Zabelinskaya: "Riodan keyinoq Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlikni boshlaganman”

Olga Zabelinskaya g'alabalari bilan o'zbek sporti muxlislarining mehrini qozonib kelmoqda. 2019 yil Osiyo chempionligini qo'lga kiritgan sportchimiz endilikda Tokio Olimpiadasida ham zafar quchishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. E'tiboringizga sportchimiz bilan ortda qolayotgan yil yakunlari va kelgusi yil rejalari haqida tashkil qilgan suhbatimizni havola qilamiz:

– Bu yilgi natijalaringizdan qoniqdingizmi?
– Yo'q, albatta. Yil boshidagi rejalarim umuman boshqacha edi. Olimpiada ham keyingi yilga qoldirildi. Hatto salomatligimdagi muammolar bilan shossedagi jahon chempionatida ham ishtirok eta olmadim.

– Yil davomida "Jiro D'Italiya"da ham qatnashdingiz-u, musobaqaning so'nggi bosqichlarida turnirni tark etdingiz. Bu nima bilan bog'liq edi?
– Ushbu musobaqada jamoam ularning nomidan ishtirok etib berishimni so'rab chiqishgani uchun qatnashdim. O'ylab qarasam, apreldan beri musobaqada ishtirok etmadik. Jahon chempionati ham Italiyada bo'lishini inobatga olib, unda qatnashishga rozi bo'ldim. "Jiro D'Italiya" menga JCH oldidan mashg'ulot vazifasini o'tab berdi. Unda asosiy maqsadim jarohatlardan o'zimni saqlash edi. Eslasak, turnir davomida gollandiyalik amaldagi chempion yiqilib, og'ir jarohat oldi va uzoq muddatga sport bilan xayrlashdi. Aslida u o'sha sport formasi bilan JCH g'olibligi uchun asosiy da'vogar bo'lgan. Musobaqa yakunida JChga etarlicha hordiq chiqarib olish uchun so'nggi bosqichlarda startga chiqmadim.

– Kelgusi mavsumning dastlabki qismi uchun nimalarni reja qildingiz?
– Yil boshida shosse musobaqalari, keyin trek va shosseda Osiyo chempionatlari bor. Hozir e'tiborimizni ushbu musobaqalarga qaratamiz.

– Sizning Olimpiada yo'llanmangiz shosse yo'nalishida. Demakki, asosan magistral yo'llarda shug'ullansangiz kerak. Bu orada trekka qanday e'tibor qaratasiz?
– To'g'ri, yangi yilda asosiy e'tibor shossedagi startlarga qaratiladi. Trekda o'zim qatnashishim kutilayotgan ilk musobaqa yil boshidagi Osiyo chempionati bo'ladi. Biroq Olimpiadadan keyin trekdagi JCH ham borligini inobatga olsak, ushbu yo'nalishdan e'tiborni to'liq uzib qo'ymaslik zarurligi oydinlashadi.

– Yosh sportchilarimizdan biri Behzod Rahimboev Italiya jamoasi bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo'ldi va yanvar oyidan Evropaga yo'l oladi. Unga qanday maslahatlar bergan bo'lar edingiz?
– Avvalo, yo'qolib qolmaslik uchun italyan tilini o'rganish (kuladi). Hazil o'z yo'liga-ku, bu juda muhim jihat. Bu musobaqalar va shahar bo'ylab yurgan payti juda kerak bo'ladi. Keyin hozirgi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda o'z salomatligiga hushyor bo'lsin. Tajriba va mahoratni yil davomidagi poygalarda o'zi to'plab oladi.

– Olimpiadaga qaratilgan tayyorgarlikni qachondan boshlaysiz?
– Men buni sportga kirib kelgan yilimdayoq boshlab yuborganman. Yoshligimizdan sportga qadam qo'yar ekanmiz, maqsadimiz Olimpiya o'yinlari g'olibligini qo'lga kiritish bo'ladi. Tokio-2020ga to'xtaladigan bo'lsak, men unga tayyorgarlikni Riodan keyinoq boshlaganman.

Text to speech