26 Yanvar 2021 5905

O'zbekistonga Osiyo o'yinlaridagi ilk oltin medalni taqdim etgan bokschi – Alisher Avezbaev bilan suhbat

Bundan bir necha kun oldin O'zbekiston boks federasiyasi mutasaddilari xizmat safari bilan Qoraqalpog'iston Respublikasida bo'lib qaytishdi. Ushbu safar davomida O'zbekiston boks federasiyasi Qoraqalpog'iston bo'limiga yangi rais tayinladi. Bo'limning navbatdan tashqari konferentsiyasida O'zbekiston tarixida Osiyo o'yinlarida birinchi oltin medalni qo'lga kiritgan bokschi, Xirosima-1994 o'yinlari chempioni Alisher Avezbaev ham qatnashdi. Fursatdan foydalanib, O'zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmati sobiq bokschimiz bilan intervyu tashkil etdi.

– Assalomu alaykum, Alisher aka. Sizni bugungi muxlislar u qadar yaxshi tanishmaydi. Ammo bilamizki, mustaqil O'zbekiston uchun Osiyo o'yinlaridagi ilk oltin medalni aynan siz 1994 yili qo'lga kiritgansiz. Bugungi kunda nimalar bilan bandsiz?
– Ayni paytda Xo'jeyli shahridagi bolalar va o'smirlar sport maktabida metodist sifatida faoliyat olib bormoqdaman. O'zim ham aynan Xo'jeylida tug'ilganman. Murabbiylik faoliyati bilan ham shug'ullanib turibman. Shogirdlarim Qoraqalpog'iston miqyosidagi musobaqalarda chempion ham bo'lishgan. Sizlarni Qoraqalpog'istonda ko'rib turganimdan xursandman.

– Alisher aka, siz qoraqalpoq boksining yaqin o'tmishdagi yorqin namoyondalaridan birisiz. Keling, faoliyatingizdagi eng yorqin damlar – 1994 yilgi Osiyo o'yinlarini yodga olamiz.
– 1994 yilni eslasak, u payt Vladimir Nikolaevich Shin boshchiligida ajoyib terma jamoa shakllangan edi. Jamoadagi yigitlar bilan ahil, inoq bo'lib mashg'ulotlar o'tkazardik. Biz Xirosimadagi Osiyo o'yinlariga borib, ajoyib natija qayd etdik. Terma jamoaga oltin medal keltirganimdan juda xursandman. O'sha musobaqadan so'ng hukumat tomonidan "VAZ 2106" avtomashinasi bilan taqdirlangan edim.

– Aynan qaysi natijalaringiz, ko'rsatkichlaringiz evaziga terma jamoa murabbiylari nazariga tushgansiz?
– 1991 yildan keyin to'rt marotaba O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritganman. Shuningdek, bir qator xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashganman. Ushbu omillar murabbiylarning qiziqishiga sabab bo'lgan, deb o'ylayman.

– O'sha Osiyo o'yinlaridagi janglar haqida ham gapirib bering.
– U erga Qozog'iston terma jamoasi bokschilari favorit sifatida tashrif buyurishgandi. Lekin kutilmaganda Xitoy, Filippin kabi mamlakat bokschilari jiddiy qarshilik ko'rsatishgan. Dastlabki jangimda Nepal bokschisini birinchi raunddayoq yutganman. Yarim finaldagi xitoylik bokschi bilan jang qiyin kechgan. Shunday bo'lsa-da, jangni o'z foydamga hal qila oldim. Finalda esa Saudiya Arabistoni terma jamoasi bokschisini uchinchi raundda nokaut evaziga taslim etganman.

– O'sha musobaqada siz va Oleg Maskaev terma jamoamizga oltin medalni taqdim etgansiz. O'sha vaqtdagi terma jamoamiz tarkibi, jamoadagi muhit, murabbiylar haqida gapirib bera olasizmi?
– Dilshod Yorbekov, Muhammadqodir Abdullaev, Nariman Ataev, Ikrom Berdiev, Hikmatillo Ahmedov, Farhod Bakirov, uyg'un Siddiqov kabi bokschilar bilan qatnashgandik. Tarkib ajoyib edi. Lekin ko'proq oltin medallarni qo'lga kiritishimizga nimadir halal berib qolgan.

– Yaqin orada Qoraqalpog'istondan yana Osiyo o'yinlari, Osiyo chempionati, Olimpiya o'yinlari sovrindorlari etishib chiqishi uchun nimalar qilish lozim deb o'ylaysiz?
– Mana O'zbekiston boks federasiyasining Qoraqalpog'iston bo'limiga yangi rahbarlar tayinlandi. Saken Polatov boshchiligidagi federasiya rahbariyati tomonidan ham qoraqalpoq boksiga e'tibor kuchaytirilishi ta'kidlandi. Ular sport zallari, ringlarimizni ko'rib tegishli tavsiyalarni berishdi. Kerakli yordam ko'rsatilishi aytib o'tildi. Shuningdek, yaqinda bo'limimizga saylangan Baxtiyor Panaev tomonidan yangi boks markazi barpo etilishi ma'lum qilindi. Bunday e'tibor, yaratilayotgan sharoit orqali ko'zlagan maqsadimizga erisha olamiz deb o'ylaymiz. Bizda salohiyati yuqori bo'lgan yigitlar ko'p. Shu kunlarda bo'layotgan o'zgarishlar bilan kelajakda Qoraqalpog'istondan ham Olimpiya, jahon chempionlari etishib chiqadi deb o'ylayman. Maqsadimiz – Parijda o'tkaziladigan Olimpiya o'yinlarida terma jamoamiz tarkibiga qoraqalpoq o'g'lonini tarbiyalab berishdir.

– Tan olishimiz lozim, so'nggi paytlarda Qoraqalpog'iston Respublikasi vakillari O'zbekiston chempionatlarida u qadar o'zlarini ko'rsata olishmayapti. Bu nima bilan bog'liq deb o'ylaysiz?
– Kattalarni nazarda tutayotgan bo'lsangiz, to'g'ri. Oxirgi paytlarda kattalar o'rtasidagi O'zbekiston chempionatlarida qoraqalpog'istonlik bokschilar e'tirof etishga arzirli natijalar ko'rsata olishmadi. Lekin o'smirlar va yoshlarda sovrindor bokschilarimiz bor. Ammo ularga yaxshilab e'tibor qaratish lozim. Ular ichida hayot tashvishlari bilan boksni tashlab ketadiganlar ham bo'ladi. Bu oldimizda turgan muammolardan biri. O'ylaymanki, endilikda bu borada ham yosh bokschilarimizga to'g'ri yo'nalish ko'rsatiladi.

– Ammo shuni alohida qayd etishimiz lozimki, qoraqalpog'istonlik qizlar Respublika miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etishmoqda. Respublikadagi ayollar boksi haqida ham ikki og'iz fikringiz.
– Darhaqiqat, Qoraqalpog'iston qizlari Respublika miqyosidagi musobaqalarda aytishga arzigulik natijalar qayd etishmoqda. Bu O'zbekiston boks federasiyasi rahbariyati tomonidan ham e'tirof etildi. Yaxshi bilasiz, Olimpiya o'yinlarida ayollar vaznlari ko'paymoqda. Shuni e'tiborga olgan holda, ayollar boksini yanada rivojlantirishimiz lozim. Bu borada ishlar yanada jadallashishiga ishonaman.

Text to speech