13 Mart 2021 3716

Muhammadkarim Xurramov bilan uning jarohati, tiklanish davri va qachon safga qaytishi haqida suhbat

Fevral oyida dzyudo bo'yicha Tel-Aviv "Katta dubulg'a" musobaqasidan so'ng terma jamoamiz vakili Muhammadkarim Xurramov jarohat olib, davolanish uchun Turkiyaga yo'l olgan edi. Hozir sportchimiz tibbiy muolajalarning so'nggi bosqichini o'tkazmoqda. Biz dzyudochimiz bilan bog'lanib, uning hozirgi holati, davolanish jarayoni qanday o'tayotgani haqida suhbatlashdik.

"21 fevral kuni tel-Avivdan Istanbulga keldim. Bu erda meni turgay Demiray degan shifokor qarshi oldi. "Cekmekoy" shifoxonasida 2-3 kun davomida jarohatimni atroflicha o'rganib, mendan tahlillar olishdi. Shundan so'ng jarrohlik amaliyotini o'tkazdik. Hozir o'zimni ancha yaxshi his qilyapman. Sekin-asta umumiy jismoniy tayyorgarlik mashqlarini olib boryapman", – deydi sportchimiz.

– Sizni bezovta qilgan jarohat qanday edi? Qanday davolashmoqda?
– 5 oy avval o'zimizdagi mashg'ulotlarning birida jarohat oldim. Tashxisga ko'ra, chap tizzamdagi menisk pardasi yirtilgan ekan. Isroildagi musobaqada ikkinchi oyog'imda son mushaklaridan jarohat oldim. Hozir shu ikki jarohatimni davolatmoqdaman. Operasiyada bel sohamdagi kerakli yog'larni olib, undan tizzamdagi menisk pardasini tiklashda foydalanilayotganini aytishdi. Son mushaklari bo'yicha ham kerakli muolajalarni olib bormoqdamiz. Hozir og'riqlarni deyarli sezmayapman.

– Kuni kecha poytaxtimizda o'tgan "katta dubulg'a" musobaqasini kuzatib bordingizmi? Vakillarimizning undagi ishtiroki haqida nima deysiz?
– Albatta, men uni katta hayajon bilan kuzatib bordim. Jamoadoshlarimning ishtirokiga shunchaki qoyil deyish mumkin. Ayniqsa, yoshlarimiz o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlashdi deyish mumkin. Musobaqa yakuni bo'yicha aynan kimnidir ko'rsatib o'tmagan bo'lardim, barchalari juda ajoyib kurashishdi. Bu erda turib o'zimning ham kurashgim kelib ketdi.

– Qachon sizni yana musobaqalarda ko'ramiz?
– Qaysi musobaqadan kurashishim Turkiyada menga qarayotgan va o'zimizning shifokorlar, murabbiylarimiz bilan maslahatlashganimizdan so'ng aniq bo'ladi. Shu o'rinda biz sportchilarga qaratayotgan e'tibori va qo'llab-quvvatlashi uchun hukumatimizga, O'zbekiston MOQ va dzyudo federasiyamiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Nasib qilsa, kelajakda bunday ishonchni o'z g'alabalarim bilan oqlashga va'da beraman.

O'z navbatida, biz ham sportchimizning tezroq tuzalib, yana safga qaytishiga tilakdoshmiz. Eslatib o'tamiz, -100 kg vazn toifasida kurash olib boradigan Muhammadkarim Xurramov ayni paytda o'z vazn toifasida Tokio Olimpiadasiga yo'llanma beruvchi lisenzion pog'onada turibdi.

Text to speech