5 Dekabr 2022 1074

MOQ vakillari Saudiya Arabistonida

Ayni kunlarda Saudiya Arabistoni poytaxtida Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Olimpiya birdamligi hamda Osiyo Olimpiya kengashining mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi O‘yinlar departamenti direktori Toshio Surunaga va Osiyo Olimpiya Kengashi Osiyo o‘yinlari Bosh direktori Haydar Farmon boshchiligidagi mutaxassislar, mintaqa MOQ vakillari qatori O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xodimlari ham ishtirok etishyapti. 

Forumda kelasi yil Osiyo qit’asida o‘tadigan yirik kompleks musobaqalarga olib borilayotgan tayyorgarlik, har bir mezbon davlatning qonunlaridan kelib chiqqan holda musobaqa tashkiliy qo‘mitasi tomonidan belgilanayotgan talablar xususida batafsil ma’lumot berilmoqda. Qayd etish joiz, bizni 2023 yil yil 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari, 17-26 noyabr kunlari esa Tailandning Bangkok hamda Chonburi shaharlarida Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari va boshqa musobaqalar kutib turibdi. 

Tadbir davomida har bir O‘yinlarning tashkiliy qo‘mitasi vakillari musobaqalar haqidagi yangi ma’lumotlar, reglamentdagi o‘zgarishlar bo‘yicha batafsil axborot bermoqdalar. Shuningdek, Forumda Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi vakillari uchun ham alohida navbat berildi. Yevropalik mutaxassislar unda onlayn ishtirok etib, har bir delegatsiya uchun qo‘yilayotgan talablar haqida ma’lum qilishdi. 

Kun tartibiga muvofiq, Forumda kompleks musobaqalarga tayyorgarlikdan tashqari mintaqada Olimpiya harakati targ‘ibotini yanada kuchaytirish, atletlarning huquqlarini muhofaza qilish, tashkilotning moliyaviy hisob-kitoblari bo‘yicha ham ma’ruza qilinmoqda. Shuningdek, hamyurtlarimiz bo‘lajak musobaqalarga tayyorgarlik yuzasidan xorijlik hamkasblar bilan tajriba almashishmoqda.

Text to speech