30 Noyabr 2022 1805

Tanzila Narbayeva velosportni yanada rivojlantirish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni belgilab berdi

Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida velosportni rivojlantirish boʻyicha Respublika kengashining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa tarzida oʻtgan mazkur yigʻilishda velosportni rivojlantirish boʻyicha Respublika kengashi aʼzolari, vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakillari, shuningdek, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.

Unda mamlakatimiz Prezidentining 2021-yil 24-sentyabrdagi “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi, xususan, velosport turlarini aholi oʻrtasida ommaviyligini oshirish, Milliy terma jamoa aʼzolarini Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, Osiyo va jahon chempionatlari hamda boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishi, yuqori natijalarga erishishini taʼminlash kabi bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi T.Narbayeva jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan yoshlar oʻrtasida paravelosport turlarini ommaviyligini oshirish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda saralash boʻyicha federatsiya va Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlab, yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalangan yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda oʻz iqtidorlarini koʻrsatib, 2022-yili Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Paraosiyo chempionatida umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egallaganini alohida qayd etib oʻtdi.

Umuman, 2022-yilda terma jamoa aʼzolari nufuzli xalqaro musobaqalarda 50 ta medalni qoʻlga kiritdi. Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida esa medallar soni boʻyicha umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) ning Osiyo qitʼasi reytingida “Tashkent City Women Professional Cycling Team” jamoasi 1-oʻrinni (dunyo reytingida 20-oʻrin), “Tashkent City Professional Cycling Team” jamoasi esa qitʼada 3-oʻrinni (dunyo reytingida 40-oʻrin) egalladi.

Prezidentimizning 30-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoniga muvofiq, velosport boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Olga Zabelinskaya “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Velosport rivoji uchun hududlarda tegishli infratuzilmani rivojlantirish ishlari ham olib borilmoqda. Jumladan, Jizzax shahridagi Sangzor koʻli hududida dunyo andozalariga javob beradigan BMX sport majmuasi barpo etildi va unga UCI tomonidan sertifikat topshirildi.

2022-yilda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani togʻ hududida xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda velosportning ekstremal turi boʻyicha UCI talablariga javob beradigan 5.5 km masofadagi birinchi trassa barpo etildi.

Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida velosport turlari boʻyicha boʻlimlar tashkil etildi.

Shu bilan birga, yigʻilishda mamlakat federatsiyasining viloyat boʻlinmalari faoliyati, ularning moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish mavzusiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, hududiy boʻlinmalar uchun har yili 40 donadan velosiped ajratish, shuningdek, sportchilarning mashgʻulotdagi harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 2 tadan “Damas” rusumli avtotransport ajratish ishlari Andijon va Buxoro viloyatlarida eʼtibordan chetda qolib ketgan.

Yigʻilishda sport taʼlimi muassasalarini velosport turlari boʻyicha davlat va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan ekipirovkalar bilan taʼminlash masalasi, Oʻzbekiston velosport federatsiyasi huzuridagi Oʻzbekiston professional velosipedchilar sport klubi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Oʻz navbatida, velosport turlarini hududlarda rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, istiqboldagi rejalar, shu jumladan, ushbu sport turlariga yoshlarni keng jalb qilish, ularni saralab olish (seleksiya) professional sportchilar sifatida tayyorlash vazifalari belgilab olindi.

Manba: senat.uz

Text to speech