29 Noyabr 2022 986

Sherzod Tashmatov Meksikadagi jahon chempionati yakuni boʻyicha tanqidiy yigʻilish oʻtkazdi

Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi joriy oy Meksikaning Gvadalaxara shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatida ishtirok etib, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritganidan xabaringiz bor. Bugun MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov Pavel Xan boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan dunyo birinchiligi yakunlari va oldindagi rejalar boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Sherzod Rixsiboyevich Meksikada jamoa yuqori natija qayd etgani bilan barchani yana bir bor qutladi. Biroq yigʻilishni tanqidiy ruhda oʻtkazib, shohsupaga koʻtarila olmagan sportchilarning ishtirokidan koʻngli toʻlmaganini bildirdi. Dunyo birinchiligidan soʻng eyforiyani bir chetga surib, oldinda turgan musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik koʻrish lozimligini taʼkidladi.

Xususan, terma jamoani 6-11-dekabr kunlari Saudiya Arabistonida oʻtadigan yakuniy Gran-pri kutib turibdi. Parij-2024 Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadigan musobaqa alohida tayyorgarlik talab etib, unda jahon reytingida kuchli 16 talikdan joy olgan atletlargina qatnasha oladi. Ayni paytdagi reyting holatiga koʻra, musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi sharafini Ulugʻbek Rashitov, Nikita Rafalovich, Shuhrat Salayev va Svetlana Osipova himoya qiladi.

Pavel Xan suhbat davomida jahon chempionatida ishtirok etgan sportchilar qisqa hordiqdan soʻng yana mashgʻulotlarga qaytgani, terma jamoa vakillarining salomatligi yaxshi ekani haqida maʼlumot berdi. Yigʻilish yakunida Sherzod Rixsiboyevich yakuniy Gran-prida maksimal natija qayd etish va buning uchun sportchilarga barcha sharoitlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

Text to speech