8 Noyabr 2022 2060

Toshkentda oʻtadigan boks boʻyicha jahon chempionatining sanasi aniq, sovrin jamgʻarmasi esa rekord darajaga yetdi

Iordaniyada oʻtayotgan boks boʻyicha Osiyo chempionati doirasida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyov ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Ahamiyatlisi, unda kelasi yil mamlakatimiz birinchi bor mezbonlik qiladigan dunyo birinchiligining sanalari rasman maʼlum qilindi. Unga koʻra, boʻlajak musobaqa 2023-yilning 1-14-may kunlariga belgilandi. Bahslarga muhtasham “Humo arena” majmuasi mezbonlik qiladi.

Anjumanda IBA prezidenti mamlakatimiz masʼuliyatli chempionatni yuqori saviyada oʻtkaza olishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, unda rekord darajadagi mukofot jamgʻarmasi boʻlishini taʼkidladi. Qayd etilishicha, Toshkent mezbonlik qiladigan musobaqada sovrin jamgʻarmasi rekord darajaga koʻtarilib, summa umumiy hisobda 5.2 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bunda oltin medal sohiblari 200 ming, finalchilar 100 ming va bronza medali egalari 50 ming AQSH dollariga ega boʻlishadi.

«Ishonamanki, boks boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionati yuqori darajada oʻtkaziladi va tarixdagi eng zoʻrlaridan biri boʻladi. Men Oʻzbekistonda boʻlganman va u yerda musobaqalar qanday tashkil etilishini koʻrganman. U yerdagi professionalizim va boksga boʻlgan mehr koʻp mamlakatlar uchun namuna boʻladi. Toshkentda yangi chempionlarni koʻrishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman», – dedi U.Kremlyov.

Oʻz navbatida, MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov Toshkent “jahon boksi poytaxti” boʻlishidan mamnun ekanligini taʼkidladi.

“Bu tasodifan boʻlib qolgani yoʻq, Oʻzbekistonda uzoq yillardan beri saqlanib kelinayotgan boy boks anʼanalari bunga sababdir. Oʻzbekiston boks oilasi nomidan shuni aytishim mumkinki, mamlakatimiz boks boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha ishni qiladi”, - dedi Saken Polatov.

Eslatib oʻtamiz, mamlakatimiz mezbonlik qiladigan dunyo birinchiligi Parij-2024 Olimpiadasi yoʻlidagi dastlabki litsenziyalar oʻynalishi bilan yanada ahamiyatli.

Text to speech