5 Noyabr 2022 1184

“Fun Run” musobaqasi oʻzbek sportining yosh yulduzlarini birlashtirdi

Bugun Toshkentdagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yosh sportchilarimiz uchun katta bayram – “Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi. Yuzlab sportsevar yoshlarni birlashtirgan tadbir koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazildi.

Dastab Markazning yopiq manejida poyganing ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov soʻz olishdi. Mutasaddilar bu kabi ommaviy musobaqalarning oʻtkazilishi yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi targʻiboti, oʻzaro doʻstona aloqalarni mustahkamlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar va barcha ishtirokchilarga omad tilashdi.

“Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasi har bir Osiyo oʻyinlari oldidan muntazam oʻtkazib kelinadigan tadbir hisoblanadi. Bunday loyihalarni tashkil etishdan maqsad butun qitʼada boʻlajak musobaqaning shukuhini yoyish, sportsevar insonlarni bir maqsad ostida birlashtirishdan iborat.

Bugungi tadbirda yosh sportchilar Markaz boʻylab 3 km masofani bosib oʻtishdi. Poyga yakunida gʻolib va sovrindorlarga tashkiliy qoʻmitaning esdalik sovgʻa va medallari taqdim etildi. Osiyo Olimpiya kengashi mutasaddilari ushbu bayramni yuqori baholab, uni tashkil etishda ishtirok etgan barchaga minnatdorchilik bildirishdi.

Text to speech