4 Noyabr 2022 1290

“Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasiga marhamat!

Poytaxtimizda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan murabbiy va hakamlar uchun xalqaro seminar oʻtkazilayotganidan xabaringiz bor. Ertaga oʻziga xos yana bir sport bayrami – Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga bagʻishlangan “Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida ushbu tadbirlarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Sportni rivojlantirish vazirligi hamda MOQ rahbariyati, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) mutasaddilari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻz olgan OOK vakillari Toni Tarraf hamda Vissam Trkmani Xitoy boʻlajak Osiyo oʻyinlariga katta masshtabda tayyorgarlik koʻrayotgani, “Fun Run” musobaqasi esa uning targʻiboti yoʻlida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Shuningdek, Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov ushbu tadbirga yuqori saviyada hozirlik koʻrilgani, bu orqali mamlakatimiz yoshlari orasida sogʻlom turmush tarzi targʻibotini yanada kuchaytirish ham koʻzda tutilganini haqida toʻxtalib oʻtishdi.

“Fun Run” qatnashchilariga beriladigan esdalik sovgʻalari va medallarning dizayni koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Ommaviy yugurish musobaqasida alohida faol ishtirok etgan qatnashchilar Osiyo oʻyinlarining maskotlari tasvirlangan yumshoq oʻyinchoqlar va medallar bilan taqdirlanishadi.

Boʻlajak tadbir ertaga, soat 11:00 da Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida start oladi. Unda sportsevar barcha yurtdoshlarimiz ishtirok etishlari mumkin. Qatnashchilarga maxsus ekipirovka va esdalik sovgʻalari taqdim etiladi.

Text to speech