5 Oktyabr 2022 604

Jahon chempionatidan oldin o‘tgan xalqaro iqtisodiy forum hamkorlik aloqalari sari yangi yo‘l ochdi

Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Toshkentda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha jahon chempionati arafasida xalqaro iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Investitsiya va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining mutasaddi rahbarlari, shuningdek, Marius Vizer boshchiligidagi Xalqaro dzyudo federatsiyasi mutasaddilari, musobaqaning faxriy mehmonlari va sport sohasida faoliyat olib boradigan taniqli ishbilarmonlar qatnashdi.

Tadbir davomida dzyudo sportining butun dunyodagi targ‘ibotini yanada kuchaytirish, unga investitsiya kiritish, xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlash kabi mavzularda loyihalar ko‘rib chiqildi. Xususan, bir qator tashkilotlar o‘rtasida kechgan ijobiy muzokaralardan so‘ng hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Uchrashuvda bank, moliya, texnologiya va IT sohasidagi hamkorlik mavzulari ham kun tartibidan o‘rin egalladi. Bundan tashqari, xorijiy ishbilarmonlar hukumatimiz vakillari bilan O‘zbekistonga sarmoya kiritish masalalarini ham muhokama qildilar.

Forumda O‘zbekistonda 2030 yilga kelib qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish ko‘lamini qariyb 30 foizga oshirish rejalashtirilayotgani aytildi. Shuningdek, ishtirokchilarning e’tiborlari butun dunyoda jadal rivojlanayotgan raqamli texnologiyalarga qaratildi. Ta’kidlanishicha, bu sohada har bir mamlakatning raqobatbardoshligi innovatsiyalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri axborot texnologiyalarining joriy etilishiga bog‘liq bo‘ladi. Forum doirasida B2B va V2G uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Qolaversa, I-Cell kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech