4 Oktyabr 2022 1213

Marius Vizer jahon chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlikni yuqori baholadi

Bugun Marius Vizer boshchiligidagi Xalqaro dzyudo federatsiyasi vakillari Sportni rivojlantirish vazirligiga tashrif buyurishdi. Delegatsiyani Vazir Adham Ikramov qarshi oldi. Shundan so‘ng tomonlar do‘stona aloqalarning yangi rejalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazishdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov ham ishtirok etishdi.

Marius Vizer kirish so‘zida mamlakatimiz o‘z tarixida birinchi bor qabul qilayotgan jahon chempionatiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rayotgani, jarayon kutilganidan ham a’lo darajada ketayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, sportchi va murabbiy, delegatsiyalarning boshqa a’zolari, xorijiy OAV vakillari uchun yaratilgan sharoitlar, transport-logistika tizimi haqida ijobiy fikr bildirdi.

O‘z navbatida, Adham Ikramov nufuzli musobaqaga tayyorgarlik Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan nazoratga olingani, uni yuqori saviyada o‘tkazish orqali Yangi O‘zbekistonning imkoniyatini butun dunyoga ko‘rsatish rejalashtirilganini bildirdi. Shuningdek, u dzyudo mamlakatimiz yoshlarining sevimli sport turlaridan ekani, bu kabi yirik turnirlarga mezbonlik qilish orqali yosh avlod vakillarini sportga yanada keng jalb qilish ko‘zda tutilganini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida Xalqaro dzyudo federatsiyasi va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yurtimizda yirik musobaqalarni muntazam tashkil qilish, yoshlar o‘rtasida dzyudo ommaviyligini oshirish kabi istiqbolli masalalar muhokama qilindi.

Text to speech