4 Oktyabr 2022 1110

Sportni rivojlantirish vaziri jahon chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi bilan tanishdi

Xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi muhtasham “Humo arena” kompleksi mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatini qabul qiladi. Ayni paytda arenada katta hajmdagi tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Bugun Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov u yerda olib borilayotgan jarayonni ko‘zdan kechirdi. Unga Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federasiyasi rahbari Azizjon Kamilov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimi, O‘zbekiston karate WKF federasiyasi raisi Rashid Talipov hamrohlik qilishdi.

Hozirda musobaqa ishtirokchilari mashg‘ulot o‘tkazadigan kichik arena shay bo‘ldi va u yerda terma jamoalar shug‘ullanishmoqda. Asosiy arenada esa tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallada. Bu borada Azizjon Kamilov Sportni rivojlantirish vaziriga batafsil ma’lumot berdi. O‘z navbatida, Adham Ikramov nafaqat sportchi va murabbiylar, balki chempionatni yoritish maqsadida tashrif buyuradigan OAV xodimlari hamda muxlislar uchun barcha sharoitlarni yaratish, mehmonlar O‘zbekistondan yaxshi taassurotlar bilan qaytishlari uchun hamma ishlar amalga oshirilishi xususida topshiriqlar berdi.

Tashrif davomida Adham Ilhamovich mashg‘ulotlar zalida yaratilgan sharoitlarni ham o‘rgandi va kichik arenada shug‘ullanayotgan Xitoy terma jamoasining mashg‘ulotlarini bevosita kuzatdi.

Musobaqada ishtirok etadigan terma jamoalarning aksariyati jahon chempionati oldidan so‘nggi mashg‘ulotlarni poytaxtimizda olib borishmoqda. Qolgan terma jamoalar bugun va ertaga Toshkentga yetib kelishadi. Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabrdan ushbu majmuada dunyoning eng kuchli dzyudochilari g‘oliblik uchun kurashga kirishishadi. 13 oktyabrga qadar davom etadigan musobaqada dunyoning 87 mamlakatidan 582 nafar sportchi ishtirok etadi. 9 oktyabr kuni esa musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Text to speech