3 Oktyabr 2022 1508

Eng kuchli triatlonchilar jam boʻladigan Osiyo kubogiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi

Maʼlum qilganimizdek, 8-9-oktyabr kunlari Samarqand shahri triatlon boʻyicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Bugun poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida musobaqaga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazilib, unda mutasaddilar turnir atrofidagi qiziqarli savollarga javob berishdi. Marosimda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi Bosh kotibi Yelena Kun spiker sifatida qatnashdilar.

Qayd etish joiz, bir-biridan nufuzli xalqaro musobaqalarni qabul qilayotgan Samarqand soʻnggi paytda eʼtibor markazidagi shaharlardan biriga aylanib ulgurdi. Triatlon boʻyicha oʻtadigan Osiyo kubogi ham mazkur koʻhna shaharning turistik salohiyatini ochib berishga yana bir omil boʻladi. Anjumanda soʻz olgan mutasaddi rahbarlar bu haqida alohida toʻxtalib, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda ommaviy sport targʻibotini kuchaytirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida ham gapirib oʻtishdi.

Oʻzbekiston triatlon federatsiyasining maʼlum qilishicha, 8-oktyabr kuni 30 mamlakatdan tashrif buyurgan 70 nafar professional sportchi chempionlik uchun bellashadi. 9-oktyabr sanasida esa 160 nafar havaskor atletlar oʻrtasida shohsupa egalari aniqlanadi. Ahamiyatlisi, yoshlarga yuksak namuna koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri ham ular orasida ishtirok etishi kutilmoqda. Har ikki kungi bellashuvlar triatlonning klassik yoʻnalishi: ochiq havzada 1,5 kmga suzish, 30 kmga velopoyga va 10 kmga yugurish dasturlarida oʻtkaziladi.

Anjuman davomida OAV xodimlari musobaqa boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob olishdi.

Text to speech