3 Oktyabr 2022 1313

Yaponiya MOQ prezidenti bilan hamkorlik rejalari muhokama qilindi

6-13-oktyabr kunlari Toshkentda oʻtadigan dzyudo boʻyicha jahon chempionatining faxriy mehmonlaridan biri, Yaponiya Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Butunyapon dzyudo federatsiyasi prezidenti janob Yasuxira Yamashita Oʻzbekiston MOQga tashrif buyurdi. Mehmonni Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov qarshi olishdi.

Janob Yamashita dastavval Oʻzbekiston MOQ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shundan soʻng tomonlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mavzusida uchrashuv oʻtkazishdi. Unda oʻzbek va yapon sportidagi doʻstona aloqalarini yanada mustahkamlash, yirik musobaqalar, xususan, Osiyo va Olimpiya oʻyinlari, jahon chempionatlariga tayyorgarlik doirasida har ikki mamlakat terma jamoalari ishtirokida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil qilish, sport tibbiyoti yoʻnalishida soʻnggi yutuqlarni ulashish kabi mavzularda fikr almashildi.

Martabali mehmon mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan dzyudo boʻyicha jahon chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlikni yuqori baholadi. Shuningdek, u uchrashuvda muhokama qilingan mavzular boʻyicha hamkorlikdan mamnun ekanini bildirdi. Oʻz navbatida, oʻzbek dzyudochilari haqida iliq fikrlarini bildirib, sportchilarimizga boʻlajak musobaqada omad tiladi. Tashrif davomida janob Yamashita MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining faoliyati bilan ham tanishdi.

Kunning ikkinchi yarmida martabali mehmon Sportni rivojlantirish vazirligida ham boʻldi. U yerda janob Yamashitani Vazir Adham Ikramov qabul qildi.

Text to speech