28 Sentyabr 2022 974

Jahon chempionatiga tayyorgarlik ayni qizgʻin pallada

Mamlakatimizda oʻtadigan dzyudo boʻyicha tarixiy jahon chempionati startiga atigi 8 kun qoldi. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida 6-13-oktyabr kunlari tashkil etiladigan ushbu yirik musobaqaga tayyorgarlikning holati boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi menejeri Liza Allan, shuningdek, tashkiliy jarayonga masʼul boʻlgan vakillar ishtirok etishdi.

Tadbirni Azizjon Kamilov olib bordi. Yigʻilish davomida har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullar boʻlajak musobaqaga oid soʻnggi maʼlumotlar bilan tanishtirishdi. Unga koʻra, 87 davlatdan 582 sportchi jahon chempionatida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyuradi. Azizjon Yakubjanovich masʼuliyatli musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha xodimlardan bor kuchlarini safarbar qilishlarini soʻrab qoldi.

Mutasaddilarning maʼlum qilishicha, 30-sentyabrdan ilk ishtirokchi davlatlar Toshkentga yetib kela boshlaydi. Shuningdek, musobaqa doirasida Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chungvon Choi, Xalqaro suzish federatsiyasi rahbari Husayn al Musallam, Birlashgan kurash dunyosi prezidenti Nenad Lalovich kabi bir qator xalqaro federatsiyalar rahbarlari poytaxtimizga tashrif buyurishi kutilmoqda. Yigʻilishda mutasaddilar mehmonlar foydalanadigan transport-logistika tizimining benuqson yoʻlga qoʻyilishini nazoratga olish, “Humo arena” muz saroyini xalqaro federatsiya talabiga mos ravishda tayyorlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtishdi.

Qayd etish joiz, ayni paytgacha boʻlgan tayyorgarlik ishlarini koʻzdan kechirayotgan Liza Allan jarayonga yuqori baho berdi. Yakunda masʼullarga qisqa fursat ichida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, mehmonlar uchun barcha qulayliklarni yaratish boʻyicha kerakli topshiriqlar berildi.

Text to speech