23 Sentyabr 2022 1199

Osiyo voleybol konfederatsiyasi rahbariga Oʻzbekiston MOQning tashakkurnomasi topshirildi

Bugun Niderlandiya va Polshada voleybol boʻyicha ayollar oʻrtasida navbatdagi jahon chempionati start oladi. Musobaqadan avval Niderlandiyaning Arnem shahrida Osiyo voleybol konfederatsiyasining (OVK) Bosh assambleyasi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev ishtirok etdi.

Hamyurtimiz tadbir davomida Osiyo voleybol konfederatsiyasi rahbari Rita Suvobo bilan uchrashib, bir qator istiqbolli masalalarni muhokama qildi va diyorimizda ushbu sport rivoji yoʻlidagi xizmatlari uchun unga Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining tashakkurnomasini topshirdi. Tadbirda qitʼamizda voleybolni yanada rivojlantirishga oid qator masalalar, jumladan, soʻnggi 2 yilda qilingan ishlar hisoboti va 2023-2024-yillar uchun tuzilgan rejalar muhokama qilindi. 

Reglamentga koʻra, bugun JCH bahslari qatorida Xalqaro voleybol federatsiyasining (FIVB) ham Bosh assambleyasi boshlandi. 3 kun davom etadigan ushbu tadbirda FIVB prezidenti Ari Filyo boshchiligidagi jamoa bilan voleybolning jahon miqyosidagi rivoji va yangi rejalar koʻrib chiqiladi.

Text to speech