22 Sentyabr 2022 982

RSTIAM Ishchi guruhining Fargʻona viloyatiga tashrifi davom etadi

Maʼlum qilganimizdek, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) xodimlaridan tashkil topgan Ishchi guruh Fargʻona vodiysi boʻylab oʻrganish ishlarini amalga oshirmoqda. Mutasaddilar Andijon viloyatidan soʻng Fargʻona shahriga yetib kelishdi va viloyat Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, Bolalar va oʻsmirlar sport maktablarining tibbiy boʻlim xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazishdi.

RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov suhbat davomida yosh sportchilar salomatligini mustahkamlash va nazorat qilish borasida ularni oʻz vaqtida chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish amaliyoti muhim ahamiyat kasb etishi, bu tibbiy xodimlar zimmasidagi masʼuliyatli vazifa ekani, shu boisdan masalaga jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini alohida taʼkidladi.

Shundan soʻng, Ishchi guruh oʻquvchilarning turar joyidagi tibbiy boʻlim va oshxona holatini oʻrganib chiqdi hamda mutaxassislar bilan oʻzaro fikr almashdi. Rejaga koʻra, RSTIAM vakillarining keyingi manzili Namangan viloyati boʻladi.

Text to speech