11 Sentyabr 2022 1964

Yangicha qiyofa ochgan “Milliy bog‘” Shanxay hamkorlik tashkilotining sport elchilarini qarshi oldi

“O sport, sen tinchliksan!”

Zamonaviy Olimpiya o‘yinlarining asoschisi baron Per de Kubertenga tegishli ushbu iqtibos hozir ham aktualligini yo‘qotmagan. Shu kunlarda Toshkentdagi so‘lim “Milliy bog‘” sayilgohi sport ixlosmandlari bilan gavjum bo‘ldi. Unda mahalliy va xorijiy yulduzlar tinchlik va do‘stlik qadriyatlarini targ‘ib qilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining sport elchilari” loyihasi doirasidagi ommaviy fleshmobda ishtirok etishdi. Tadbir sportga endigina qadam tashlayotgan minglab yoshlarimiz uchun unutilmas xotiralar bilan yodda qoladigan bo‘ldi.

Zero, “Milliy bog‘” sayilgohida yoshlar jahon va Olimpiada chempioni bo‘lgan yulduzlar bilan suhbatlashish, ular ishtirokidagi mahorat saboqlarida qatnashishdek imkoniyatni ega bo‘lishdi.

Shubhasiz, bunday loyiha mintaqadagi do‘stlik va tinchlik rishtalarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim platforma bo‘ldi. Buni tadbirda ishtirok etgan rasmiylar, xususan, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov ochilish marosimida alohida ta’kidlab o‘tdi. Unda, shuningdek, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Sportni rivojlantirish vazirligi va MOQ rahbariyati, mamlakatimizdagi bir qator diplomatik korpus vakillari ishtirok etishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, sayilgoh taekvondo, dzyudo, boks, sport kurashlari, sambo, kurash, og‘ir atletika, qilichbozlik, badminton, stol tennisi, tekbol, eshkak eshish, basketbol, tosh ko‘tarish kabi sport turlarida o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun ochiq maydon bo‘ldi. Shubhasiz, bu kabi tadbirlar Prezidentimiz ilgari surayotgan mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish yo‘lida katta ahamiyat kasb etadi.

Loyiha 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti oldidan birinchi bor yo‘lga qo‘yildi. Asosiysi, uni barcha iliq qarshi oldi va qisqa fursat ichida ijobiy samarasini ko‘rsatdi.

Text to speech