9 Sentyabr 2022 1673

“Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” loyihasiga bagʻishlangan matbuot anjumani “Sport dunyoni birlashtiradi” shiori ostida oʻtdi

Maʼlumki, joriy yilning 15-16-sentyabr kunlari koʻhna Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Asosiy sammitdan avval tashkilot faoliyati doirasida birinchi bor “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” loyihasiga asos solindi va bugun unga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, boks boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi gʻolibi Bahodir Jalolov, para kanoeda eshkak eshish boʻyicha jahon chempioni Shahnoza Mirzayeva, erkin kurash boʻyicha Rio-2016 va Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari chempioni rossiyalik Abdulrashid Sadullayev, boks boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori qozogʻistonlik Kamshibek Konkabayev, boks boʻyicha 2 karra Osiyo chempionati sovrindori tojikistonlik Shoira Zulqaynarova, ogʻir atletika boʻyicha Birmingem-2022 Hamdoʻstlik oʻyinlari gʻolibi pokistonlik Muhammad Nuh, oʻq otish sporti boʻyicha xalqaro musobaqalar gʻolibi qirgʻizistonlik Ramazon Qodirbekov spiker sifatida ishtirok etishdi.

Dastavval yangi loyihaning ahamiyati, uning mintaqadagi sport va doʻstlik rishtalarini bogʻlashdagi muhim oʻrni haqida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Shahrullo Mahmudov va Oybek Kasimov kelgusida SHHTga aʼzo mamlakat vakillari oʻrtasida ham sport oʻyinlarini tashkil etish gʻoyasi qoʻllab-quvvatlangani, ayni paytda uning loyihasi ishlab chiqilayotganini taʼkidlashdi.

Anjumanning savol-javob qismi koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Jumladan, Bahodir Jalolov va Kamshibek Konkabayevning professional ringda jang qilish ehtimoli haqidagi savol yigʻilganlarning diqqatini tortdi. Bunga javoban sportchilar professional boksda turli vazn toifalarida faoliyat olib borishayotgani, shu bois undagi jang ehtimoli kam ekanini bildirdilar.

Abdulrashid Sadulayev esa kelajakda UFC promoushiniga oʻtmoqchi emasligi, erkin kurash tarixida ham Olimpiada, ham jahon chempionatlarida eng koʻp gʻalaba qozongan sportchi nomiga erishmoqchi ekanini alohida taʼkidladi. Shuningdek, anjuman davomida boshqa taniqli sportchilar ham OAV xodimlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur loyiha Toshkent tinchlik va doʻstlik rishtalarini tutashtirib, dunyo sportining poytaxtiga aylanib borayotganidan dalolat bermoqda. Anjumanda SHHTning sport elchilari mintaqada olimpizm va sportning ezgu qadriyatlarini ilgari surishdek gʻoyalarni oʻrtaga tashlab, bu borada qizgʻin muhokama olib borishdi.

Ertaga poytaxtimizdagi soʻlim “Milliy bogʻ”da loyihaning ikkinchi qismi boʻlib oʻtadi. Unda oʻzbek va jahon sporti yulduzlari ishtirokida mahorat saboqlari va fleshmob tashkil etiladi. Tadbir soat 17:00 da boshlanadi.

Text to speech