9 Avgust 2022 1758

Adham Ikramov Turkiya yoshlar va sport ishlari vaziri bilan istiqbolli rejalarini muhokama qildi

Ayni kunlarda Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari qizg‘in tarzda davom etmoqda. Yurtimiz atletlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov ham ayni vaqtda Konya shahrida bo‘lib turibdi. Shuningdek, vazir tashrifining kun tartibidan xorijlik sport mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazish va hamkorlik aloqalarini muhokama qilish masalalari ham o‘rin olgan. Xususan, bugun Konyadagi "Grand Millenium" mehmonxonasida Adham Ikramov Turkiya yoshlar va sport ishlari vaziri Mehmet Kasapoglu bilan uchrashdi.

Muloqotda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov Adham Ikramovga hamrohlik qildi. Uchrashuv samimiy ruhda o‘tib, ikki mamlakat o‘rtasida sport sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, futbol, dzyudo, boks, og‘ir atletika kabi sport turlarida keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shu o‘rinda, Adham Ikramov Mehmet Kasapoglu hamda V Islom birdamlik o‘yinlari tashkilotchilariga sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar va yuqori darajada tashkil etilayotgan tadbirlar uchun o‘z minnatdorligini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri turkiyalik hamkasbiga O‘zbekistonda tashkil etilayotgan nufuzli xalqaro musobaqalar, jumladan shu yil o‘tkaziladigan dzyudo, 2023 yili bo‘ladigan boks bo‘yicha jahon chempionati, yaqinda mezbonlik huquqi qo‘lga kiritilgan shaxmat bo‘yicha 46-Butunjahon Olimpiadasi haqida to‘xtalib, ushbu tadbirlarda Turkiya sport delegatsiyasini ham faol ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuv qizg‘in davom etayotgan bir vaqtda Adham Ikramovga o‘zbekistonlik yoshlar 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida g‘olib bo‘lishgani to‘g‘risidagi axborot yetkazildi va bu xushxabardan mamnun bo‘lgan Turkiya yoshlar va sport ishlari vaziri Mehmet Kasapoglu O‘zbekiston xalqi va shaxmat Olimpiadasi g‘oliblarini tarixiy g‘alaba bilan muborakbod etib, hamyurtlarimizga kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tiladi.

Text to speech