30 Iyul 2022 1243

Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati sportchilar shaharchasiga tashrif buyurdi

Ayni paytda Vladivostok shahrida boʻlib turgan delegatsiyamiz rahbarlari MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov sportchilarimiz istiqomat qilayotgan shaharchaga tashrif buyurdi. “Okean” bolalar markaziga tashkil etilgan kichik safarda ularga Sportni rivojlantirish vazirligi boshqarma boshligʻi Akrom Nizomiddinov hamrohlik qildi. Mutasaddilar yosh atletlar, murabbiylar shtabi bilan uchrashib, ular bilan samimiy suhbatlashishdi, yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

Shuningdek, ular 3x3 basketbol bahslarini kuzatish barobarida oʻyindan soʻng terma jamoamiz vakillari bilan ushbu sport turida oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishdi. Doʻstona ruhda oʻtgan oʻrtoqlik uchrashuvi orqali mutasaddilar sportchilarimizga koʻtarinki kayfiyat ulashishdi. Qayd etish joiz, ushbu sport turida yigitlar va qizlar jamoamiz 1/8 final bosqichi masalasini hal qilishgan.

Tashrif davomida delegatsiyamiz uchun dastlabki medalni taqdim etgan suzuvchimiz Asliddin Abdumalikov bilan ham uchrashib, uni qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyat bilan tabriklashdi. Uchrashuvda Qoʻmita rahbariyati yosh sportchilarimizga musobaqaning kelgusi kunlarida omad va zafarlar tilab, barchalari sovrindorlar qatoridan joy olishlarini tilab qolishdi.

Text to speech