17 Iyun 2022 1453

Sportimiz fidoyilariga I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirildi

Har yili “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan uzoq yillar mamlakatimizning bir qator sohalarida samarali faoliyat olib borgan yurtdoshlarimizga turli darajadagi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirib kelinadi. Tashkilot Vasiylik kengashi bu yil ham bir guruh vatandoshlarimizni mazkur koʻkrak nishoni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi qarorini eʼlon qilgani haqida xabar bergan edik. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida mukofotga loyiq koʻrilgan sport sohasi vakillarini taqdirlash tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari, “Nuroniy” jamgʻarmasi Boshqaruv raisi, Oʻzbekiston Qahramoni, Senator Sodiqjon Turdiyev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, “Nuroniy” jamgʻarmasi raisining oʻrinbosari Sharof Ubaydullayev, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va bir guruh faxriylarimiz ishtirok etishdi.

Tadbirni Adham Ikramov ochib berdi va mamlakatimizda keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirishga davlat darajasida eʼtibor qaratib kelinayotgani haqida gapirdi. Shuningdek, Adham Ilhamovich hukumatimizning ushbu tashabbusini davom ettirgan holda Sportni rivojlantirish vazirligi ham hamisha faxriylarimizga yordam koʻrsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Oʻz navbatida, Sodiqjon Turdiyev ham soʻz olib, oʻzbek sportining hozirgi yutuqlarida faxriylarimizning hissasi, ularning sportimizga mustahkam tamal toshi qoʻyib bergani haqida alohida toʻxtaldi. Shuningdek, u sport faxriylari kelgusida ham “Nuroniy” jamgʻarmasining eʼtiborida boʻlishi, tashkilot tomonidan ularning salomatligini tiklash uchun kerakli sharoit yaratilishini taʼkidladi.

Shundan soʻng uzoq yillar oʻzbek sporti rivojiga umrining katta qismini baxshida etgan Bahodir Nazirov, Rahmonberdi Ahmedov, Arslon Ilov, Larisa Pavlova, Svetlana Babanina kabi 13 nafar sportimiz fidoyilariga I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni va pul mablagʻlari topshirildi.

Tadbir yakunida Bahodir Maxsitov sport faxriylari nomidan koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun minnatdorchilik bildirib, ularning yurtimiz sporti rivoji uchun hamisha yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Text to speech