20 May 2022 1080

ShHT yigʻilishi ishtirokchilari Oʻzbekiston MOQda mehmon boʻlishdi

Sportni rivojlantirish vazirligida ShHTga aʼzo mamlakatlar vakillarining jismoniy tarbiya va sport boʻyicha vazirlik hamda idoralari rahbarlari ishtirokidagi yigʻilish yakunlangach mehmonlar Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurishdi. Delegatlarni Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov va MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov qarshi olishdi.

Dastavval ularga oʻzbek sportining Mustaqillik davrida qoʻlga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlari haqida maʼlumot berildi. MOQ rahbariyati bu gʻalabalar zamirida Prezidentimizning jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratayotgan katta eʼtibori turganini alohida taʼkidladilar.

Shundan soʻng hamkor mamlakatlar vakillari uchun Qoʻmita binosi va uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi boʻylab ekskursiya tashkil etildi.

Unda xorijlik mutasaddilarga tibbiyot markazida ishlayotgan tor doiradagi shifokorlar, Markaz faoliyati, atletlarimizning salomatligi qanday nazorat qilinishi, oʻtkaziladigan turli tekshiruvlar haqida soʻzlab berildi.

Tadbir yakunida Oybek Kasimov yuqori martabali mehmonlarga Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining esdalik sovgʻalarini topshirdi.

Text to speech