10 May 2022 1045

Alise Faxrutdinova Jahon kubogida yarim finalga yo‘l oldi

Shu kunlarda Bolgariyaning Albena shahrida zamonaviy beshkurash bo‘yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ayollar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etayotgan hamyurtimiz Alise Faxrutdinova saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Musobaqa 10-15 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 24 mamlakatidan tashrif buyurgan sportchi ishtirok etmoqda. Bugun reglament bo‘yicha saralash bahslari o‘tkazildi. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Tokio-2020 ishtirokchisi Alise Faxrutdinova yuqori natija qayd etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Alise suzish bahslarida 12-natija bilan 271 ochko jamg‘ardi. Qilichbozlik dasturi esa hamyurtimizning benefisiga aylanib ketdi. 19 g‘alaba va 4 mag‘lubiyat (271 ochko) bilan Faxrutdinova qilichbozlikdagi eng yaxshi natijani ko‘rsatib, lazer-ran bahslari oldidan qulay pozitsiyaga joylashib oldi. Yakunda mazkur dasturda uchinchi natija qayd etgan Faxrutdinova o‘z guruhida 1045 ochko bilan keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qildi.

Yarim final bahslari 11-12 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak bahslarda sportchimizga omad tilab qolamiz.

Text to speech