10 May 2022 1151

Kamonchilarimiz Osiyo kubogi finalida

Ayni kunlarda Iroqning Sulaymoniya shahrida kamondan otish bo‘yicha Osiyo kubogi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda qit’amizning 16 mamlakati qatorida merganlarimiz ham g‘oliblik uchun bahs olib bormoqdalar.

Quvonarlisi, saralash bahslaridan so‘ng mikst dasturidagi vakillarimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Ziyoda Abdusattorova hamda Amirxon Sodiqov juftligi chorak finalda BAA, yarim finalda qozog‘istonlik sportchilarni mag‘lubiyatga uchratishdi. Endi ular ertaga bo‘lib o‘tadigan final bahsida hindistonlik merganlar bilan bellashadilar.

Yarim finalda imkoniyatni boy bergan erkaklar va ayollar terma jamoamiz bronza medali uchun kurash olib borishadi. Bu borada yigitlarimizga Eron, qizlarimizga Qozog‘iston termalari raqiblik qiladi.

Shuningdek, yakkalik dasturida Amirxon Sodiqovni bronza medali uchun bahs kutib turibdi. Yarim finalda bangladeshlik Shana Rumanuga 5:6 hisobida mag‘lub bo‘lgan Sodiqov shohsupaga ko‘tarilishi uchun hindistonlik Salunke Sushantni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. Afsuski, yakkalik dasturida ishtirok etgan boshqa vakillarimiz medallar uchun kurashni erta tark etishdi.

Text to speech