10 Aprel 2022 1434

MOQ qoshidagi tibbiyot markazi xalqaro sertifikat olish yo‘lida qadam tashlamoqda

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan yurtimizdagi ilg‘or tibbiyot muassasalaridan hisoblanadi. Markazning yangi rahbari Kamol Sirojitdinov RSTIAMdagi faoliyatini Markazni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish maqsadida mas’ul tashkilot mutasaddilari bilan uchrashishdan boshladi.

Bu borada Kamol Komilovich Botagoz Kaupbayeva boshchiligidagi Sog‘liqni saqlash sifati bo‘yicha akkreditatsiya markazi (ACQH) vakillarini qabul qildi. Tashrif davomida mehmonlar MOQ qoshidagi tibbiyot markazining imkoniyati, zamonaviy innovatsion texnikalar bilan jihozlanganligi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish qamrovi va sharoitlarni o‘rgandi. Tor doirada o‘tgan uchrashuv davomida Kamol Sirojitdinov davlatimiz tomonidan barcha yo‘nalishlar qatori sport tibbiyoti yo‘nalishiga ham ko‘rsatilayotgan e’tibor, sohani qo‘llab-quvvatlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

Ma’lumot uchun, ushbu tashkilot Qozog‘iston Respublikasining sog‘likni saqlash akkreditatsiyasi bo‘yicha jahonda tan olingan, shuningdek, MDH davlatlari orasidagi yagona akkreditatsiya markazi hisoblanadi. Tashkilot akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonida o‘rganilayotgan ob’ektga 500 ta ko‘rsatkich bo‘yicha rasmiy sertifikat beradi. Suhbat davomida har ikki Markaz o‘rtasida hamkorlikni yanada chuqur yo‘lga qo‘yish, sport tibbiyotidagi eng so‘nggi yutuqlardan keng foydalanish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Text to speech