15 Mart 2022 1458

Mirabror Usmonovni xotirlab

2019-yilning 15-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi sobiq prezidenti Mirabror Zufarovich Usmonov 71 yoshida vafot etgan edi. Bugun ushbu sanaga 3 yil toʻldi.

Mirabror Zufarovich 2006-2017-yillar mobaynida Oʻzbekiston futbol federatsiyasi rahbari sifatida, 2013-2017-yillarda Milliy Olimpiya qoʻmitasi, 2015-2018-yillar davomida esa Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi prezidenti sifatida samarali faoliyat olib bordi.

Uning rahbarlik yillarida milliy sportimiz, xususan futbol Osiyo qitʼasida oʻz obroʻ va eʼtiboriga ega boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston yoshlar hamda oʻsmirlar terma jamoalari 5 bora Jahon chempionatlarida ishtirok etishga muvaffaq boʻldi. Qolaversa, mamlakatimiz turli yosh toifalarida 5 ta Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Shuningdek, Mirabror Usmonov tashabbusi bilan yurtimizda mavjud infratuzilma yaxshilandi, bir nechta stadionlar, sport inshootlari barpo etildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Olimpiya oʻyinlarida qayd etgan eng yuqori natijasi ham bevosita Mirabror Zufarovich rahbarligi davrida qayd etildi. Rio-de-Janeyroda qoʻlga kiritilgan 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medallari biz uchun Olimpiadalardagi eng yaxshi natija boʻlib turibdi.

Mirabror Usmonov yurt ravnaqi, mamlakatimizni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun “Doʻstlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, unga Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA)ning “Xizmatlari uchun” ordeni hamda Osiyo Olimpiya Kengashi (OSA)ning “Oltin ordeni” tantanali vaziyatda topshirilgan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, mamlakatimiz Olimpiya oilasi va keng sport jamoatchiligi oʻzbek xalqining chin maʼnodagi fidoyi farzandi Mirabror Zufarovich Usmonovning millatimiz sporti rivoji yoʻlida amalga oshirgan ulkan xizmatlarini aslo unutmaydi.

Text to speech