13 Mart 2022 1220

“Osiyo taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi”: Rashitov chempion va yana uchta medal!

Tehron shahrida “Osiyo taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi” musobaqasi yakuniga yetdi. Soʻnggi kunda 8 nafar taekvondochimiz dayanga chiqib, ularning yarmi shohsupaga koʻtarildi.

-68 kg vazn toifasida Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Ulugʻbek Rashitov finalga boshqa bir hamyurtimiz Diyor Tuxliboyev bilan yetib keldi. Biroq bu jang oʻtkazilmadi va Rashitov oltin, Tuxliboyev kumush medali sohibiga aylandi. Xuddi shu vaznda oʻzbekistonlik Najmiddin Qosimxojiyev bronza medaliga ega boʻldi.

-80 kg vazn toifasida Shuhrat Salayev yarim finalda eronlik taekvondochiga yutqazdi va bronza medal bilan cheklandi. Bugun shuningdek Otabek Turgʻanbekov, Doniyor Mahkamov, Sardor Toirov va Shohruh Rajabov ham musobaqada ishtirok etishdi.

Shu tariqa terma jamoamiz mazkur musobaqada 2 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi va terma jamoamizni mazkur musobaqada qayd etilgan natija bilan tabriklab qoladi.

Text to speech