5 Mart 2022 3983

Sportni rivojlantirish vaziri federatsiya va assotsiatsiyalarimiz mutasaddilari bilan ochiq muloqot qildi

Ma’lumki, bir necha kun muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilib, uning tarkibiy qismi shakllantirildi. Bugun Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov MOQ rahbariyati vakillari, sport federatsiya va assotsiatsiyalari mas’ullari bilan uchrashib, oldinda turgan rejalarni muhokama qildi. Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi va sport sohasiga begona bo‘lmagan Adham Ilhamovichni barchaga yana bir bor tanishtirdi. Shundan so‘ng Sportni rivojlantirish vaziri yig‘ilish kun tartibidan o‘rin olgan masalalar bo‘yicha nutq qildi.

“Hurmatli Prezidentimiz sportimizni yanada rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bizga ishonch bildirdilar. Biz Sizlar bilan ushbu ishonchni oqlashga, bir jamoa bo‘lib faoliyat olib borishga bel bog‘ladik. Davlatimiz rahbari menga bergan topshiriqlarida ommaviy sportni rivojlantirish, kuchli seleksiyani yo‘lga qo‘yish, oliy sport yutuqlari nufuzini oshirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatma berdilar. Shubhasiz, bunday ishlarni bajarishda ahil jamoa bo‘lishimiz lozim”, – dedi Adham Ikramov.

Vazir o‘z nutqi davomida sohadagi muammolar, yangi rejalar xususida ham to‘xtalib o‘tdi:

“Bir necha kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona vodiysida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishdim. BO‘SM va IBO‘SMlar faoliyatida, u yerda ishlayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish tizimida, ularni attestatsiyadan o‘tkazishda o‘z yechimini kutayotgan yetarlicha masalalar bor. Trenerlarimizning motivatsiyasini oshirish, sport maktablarini inventarlar bilan to‘liq ta’minlash, ommaviy sportni kuchaytirish uchun ko‘proq musobaqalar o‘tkazish masalalari bilan ishlaydigan fond tashkil qilish rejasi bor. Bu masalani Moliya vazirligimizning rahbariyati bilan muhokama qilib, ijobiy yechim topdik”.

Bu yil o‘tadigan musobaqalar orasida Xitoyda o‘tadigan Osiyo o‘yinlari ham alohida ahamiyatga ega. Adham Ikramov yilning asosiy startiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha federatsiyalar bilan alohida ishlanishini ma’lum qildi.

“Grafik asosida federatsiyalarimiz bilan batafsil barcha masalalarni ko‘rib chiqamiz. Biz federatsiyalarimizga “nima berasan?” degan savol berishdan avval “nima kerak?” deb murojaat qilishimiz lozim. Ularning barcha muammolarini o‘rganib, ularga yechim topganimizdan so‘nggina natija talab qilishimiz mumkin. Men federatsiyalarimizdan bu talablardan boshqa hech narsa so‘ramayman. Xanchjouda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga ko‘p vaqt qolmadi. Agar unda ko‘ngildagidek ishtirok eta olmasak, davlatimizning, xalqimizning bizga bo‘lgan ishonchini yo‘qotamiz. MOQ rahbariyatidagi mutasaddilar menejerlik yo‘nalishida katta tajribaga ega. Ishonamanki, o‘zaro hamjihatlikda oldimizga qo‘yilgan vazifalarni uddalay olamiz”, – dedi Sportni rivojlantirish vaziri.

Shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ham so‘z olib, faxriylar nomidan Adham Ilhamovichning yangi lavozimidagi ishiga omad tiladi. Yig‘ilish davomida Adham Ikramov har bir federatsiya vakillari bilan tanishib chiqdi. Shu bilan birga O‘zDJTSU, Oliy sport mahorat maktablari, Malaka oshirish instituti bilan ishlash, terma jamoalarning moddiy-texnik bazasi va ommaviy sportni yanada kuchaytirish masalalariga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Yakunda yangi haftadan boshlab, har bir federatsiyalardagi holatni ich-ichidan o‘rganish ishlarini boshlashga kelishib olindi.

Text to speech