4 Mart 2022 4306

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari bilan chuqur hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahri (Fransiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya hamda XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilingan edi.

Qarorda sport ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish va raqamlashtirish, Olimpiya va Paralimpiya dasturlariga kiritilgan sport turlari bo‘yicha yuqori natijador va sportchilar zaxirasini yaratish, litsenziyalar sonini sezilarli darajada ko‘paytirish, sport menejmentini takomillashtirish, har bir bo‘g‘inni auditdan o‘tkazish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, sport bazalari va inshootlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy standartlarga javob beradigan yangi sport ob’ektlarini barpo etish, ulardan maqsadli va samarali foydalanish kabi bandlar bo‘lib, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi ularni amaliyotga tatbiq etishni boshlab yubordi.

Bugun Federatsiyada tashkil etilgan tadbirda bu boradagi ilk qadam tashlandi. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi yaqinda o‘zining qutlug‘ 90 yilligini nishonlagan Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan o‘zaro keng qamrovdagi hamkorlik memorandumini imzoladi.

Tadbirda Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, O‘zDJTSU rektori Mahmudjon Boltayev, TDIU rektori Kongratbay Sharipov, sportimiz fidoiylari, dzyudo faxriylari, o‘qituvchi va murabbiylar hamda terma jamoa a’zolari hozir bo‘lishdi. Tomonlar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ilmiy-uslubiy va innovatsion texnologiyalar asosida dzyudo sport turini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Memorandumga ko‘ra, universitetlar hududida dzyudo zali bunyod etiladi. Federatsiya mashg‘ulotlarni tashkil etish, malakali murabbiylar bilan ta’minlash, mashhur dzyudochilarimiz ishtirokida mahorat saboqlarini o‘tkazish, talabalar bilan uchrashuvlar uyushtirish kabi qator yo‘nalishlarga mas’ul bo‘ladi. O‘z o‘rnida universitetlar tomonidan xalqaro musobaqalarda natija ko‘rsatgan dzyudochilarimizning ushbu oliy o‘quv dargohlarida imtiyozli tahsil olishi ta’minlanadi.

Ma’lumot uchun, turli yillarda yuqorida nomlari keltirilgan universitetlarda Armen Bagdasarov, Andrey Shturbabin, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Farhod To‘rayev, Kamol Murodov, Ramziddin Saidov, Sharofiddin Lutfullayev, Hikmatulloh To‘rayev, Shokir Mo‘minov, Yahyo Imomov, Navro‘z Jo‘raqobilov singari yurtimiz dzyudosi dovrug‘ini dunyoga tanitgan sportchilar tahsil olishgan. Bugungi kunda terma jamoa bosh murabbiyi Ilias Iliadis, Diyora Keldiyorova, Muzaffarbek To‘raboyev, Muhriddin Tilovov kabi dzyudochilarimiz sportdagi faoliyatlari bilan parallel ravishda tahsilni ham davom ettirishyapti.

Ishonamizki, ikki tomonlama hamkorlik yurtimiz sporti, xususan dzyudosi rivoji uchun xizmat qiladi. Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alarini almashishdi. Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilovni Universitet tashkil etilganiga 90 yil ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Text to speech