22 Fevral 2022 3641

O‘zbekiston gimnastika federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylanishi kun tartibidan o‘rin olgan asosiy masala bo‘ldi. Ushbu tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi mutasaddilari, trenerlar va sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiyada “O‘zavtosanoat” AJ kompaniyasi boshqaruv rahbari Shavkat Bo‘ronovich Umrzoqov nomzodi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisligiga ilgari surildi va konferensiya delegatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Ta’kidlash joiz, Shavkat Bo‘ronovich boshqaruvidagi “O‘zavtosanoat” AJ ushbu federatsiya uchun begona emas. "O‘zavtosanoat" uzoq yillardan beri federatsiyaning bosh homiysi sifatida ushbu sport turini mamlakatimizda rivojlantirishda ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. So‘z o‘rnida Sh.Umrzoqov o‘zbek gimnastikasi rivojini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bor kuchini ishga solishini ta’kidladi.

“Avvalo, menga bildirilgan ishonch uchun O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi oilasiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu men uchun haqiqatda katta mas’uliyat. O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi xalqaro maydonda katta shuhrat qozongan. Bunga sportchilarimizning jahon miqyosdagi yirik turnirlarda erishgan muvaffaqiyatlari, Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi tomonidan o‘tkaziladigan seminar va konferensiyalarda muntazam ishtirok etishlari misol bo‘la oladi. Bugungi kunda federatsiyamiz dunyodagi 162 milliy federatsiyalar orasida eng yaxshi 10 tasidan biridir. Biroq oldimizda o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar ham turibdi. Terma jamoalarga, malakali kadrlarga yetarlicha e’tibor berilmagani, moliyalashtirishning to‘liq emasligi bois bir qator istiqbolli sportchi va mutaxassislar sevimli ish joylarini tark etishdi. Ushbu lavozimga nomzodimni ilgari surishdan avval o‘zbek gimnastikasi tarixini o‘rganib chiqdim. Aytishim mumkinki, XX asr davomida qayd etilgan ulkan yutuqlar meni hayratga soldi. O‘zbek gimnastikasi eski an’analarini qayta tiklashi, uni jahonning yetakchi maktablaridan biriga olib chiqishi kerak, deb o‘ylayman. Bu kabi ezgu maqsadlarimizni tezroq amalga oshirish uchun bor kuch-g‘ayratimni ishga solishga va’da beraman”, – dedi federatsiyaning yangi raisi.

Shuningdek, konferensiya davomida federatsiyaning bir qator lavozimlariga vakillar tasdiqlab olindi. Unga ko‘ra, Ruslan Bulatovich Mustayev federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, Go‘zal Bahodirovna Filippova federatsiya bosh kotibi, Galina Vyacheslavovna Isroilbekova direktor sifatida faoliyatini davom ettiradi. Qolaversa, yo‘nalishlari bo‘yicha murabbiylar shtabi ham tasdiqlab olindi.

Tadbir davomida federatsiya faoliyati bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Federatsiya bosh hisobchisining moliyalashtirish va sarf-xarajatlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi. Shuningdek, federatsiya a’zolari va murabbiylar ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.

Manba: Oʼzbekiston gimnastika federatsiyasi matbuot xizmati

Text to speech