10 Fevral 2022 1935

Dzyudochilarimiz o‘z yurtimizdagi JChga kuchli reja asosida tayyorlanishmoqda

Joriy yil dzyudochilarimiz oldida ham ulkan musobaqalar bor. Jamoamizni Osiyo o‘yinlari, Gran-Pri va “Katta dubulg‘a” turnirlaridan tashqari oktyabr oyida Toshkentda o‘tadigan jahon chempionati kutmoqda. Shubhasiz, ularga munosib tayyorgarlik ko‘rish federatsiya va murabbiylar shtabi oldidagi asosiy vazifa. Bugun MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov O‘zbekiston dzyudo federatsiyasiga tashrifi davomida ushbu masalalar qatori Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha suhbat o‘tkazdi. Unda MOQ raisining o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Ilias Iliadis boshchiligidagi murabbiylar shtabi va sportchilarimiz, shifokorlar ishtirok etishdi.

Suhbatda MOQ rahbari terma jamoamizni yakuniga yetgan Parij "Katta dubulg‘a" turnirida qo‘lga kiritilgan 3 ta bronza medali bilan qutladi va oldinda turgan muhim startga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

“Tayyorgarlik jarayonida mashg‘ulotlar, oziq-ovqat, tibbiy ta’minot yaxshi bo‘lishi mumkin. Lekin musobaqada ularni mujassamlashtira olmasak, natija bo‘lmas ekan. Olimpiadada Yaponiya terma jamoasining ishtirokini ko‘rdik. Ulardagi tizimni o‘zimizda ham amalga tatbiq qilishimiz kerak. Buning uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda, Prezidentimiz qo‘llab-quvvatlamoqda. Qolgan hammasi o‘zimizga bog‘liq faktorlar. Bu yil bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini yurtimizga olib kelish katta ish. Bu Sizlarga o‘zingizni ko‘rsatish uchun, yaqinlarimiz ko‘z oldida yuksak natijalarga erishish uchun ajoyib imkoniyat”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

O‘z navbatida, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan strategik rivojlanish bo‘yicha katta ishlar olib borilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Kuni kecha yakuniga yetgan Parij “Katta dubulg‘a” turniriga Azizjon Kamilov ham tashrif buyurib, safar davomida Fransiya dzyudo federatsiyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Boisi, aynan ushbu jamoa Tokio-2020 Olimpiadasida 2 ta oltin, 3 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib, yaponlardan keyin umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Yig‘ilish davomida murabbiylar 2-3 ta jamoani shakllantirib, ular Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvim rejasidan o‘rin olgan musobaqalarga olib borilishi, shu orqali joriy yilning o‘zida optimal tarkib deyarli saralab olinishini ma’lum qilishdi. MOQ rahbari bunga qo‘shimcha sifatida sport metodikasi va tibbiyoti bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganib borish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Text to speech