16 Aprel 2021 2160

Toshkentda badiiy gimnastika bo'yicha Jahon kubogi start olmoqda

Ertaga poytaxtimizda badiiy gimnastika bo'yicha Jahon kubogi seriyalaridan biri start oladi. Ahamiyatlisi, ushbu musobaqa Tokio-2020 Olimpiya o'yinlariga lisenzion ochko beruvchi 4 bosqichdan biridir.

Unda qatnashishi rejalashtirilgan davlatlar soni – 33 ta, sportchilar soni taxminan 100 nafarni tashkil etishi kutilmoqda. Xalqaro gimnastika federasiyasining Olimpiya o'yinlariga ishlab chiqqan saralash tizimiga ko'ra, yaqin vaqt ichida bo'lib o'tadigan 4 ta Jahon kubogi bosqichi yakuni bo'yicha yakkalik yo'nalishda Olimpiada yo'llanmalari o'ynaladi. Toshkent muntazam ravishda Jahon kubogi bosqichlarini qabul qilib kelgan. Tabiiyki, bu yilgi musobaqaning nufuzi avvalgilaridan o'zgacha. Reglamentga ko'ra, har bir mamlakat ushbu 4 bosqich uchun yakkalik yo'nalishida 2 nafar sportchisini ro'yxatga kiritishi mumkin. Bu borada jamoamiz sharafini Ekaterina Fetisova hamda Sabina Tashkenbaeva himoya qilishini aytib o'tish o'rinli. Jahon kubogi bosqichlari quyidagi sanalarda bo'lib o'tadi:

1. 26-28 mart, Sofiya (Bolgariya)
2. 16-18 aprel, Toshkent (O'zbekiston)
3. 7-9 may, Boku (Ozarbayjon)
4. 28-30 may, Pesaro (Italiya)

Ta'kidlash joiz, 4 bosqich yakunida avvalgi turnirlar orqali lisenziya ololmagan eng yaxshi 3 gimnastikachi (bir davlatga 1 kvota) Tokio-2020 ishtirokchisiga aylanadi. Jahon kubogi reytingi yakunida 2019 yilgi jahon chempionati orqali yo'llanma olgan va lisenziya olmagan mamlakatning ikkinchi o'rinda turgan vakillari kuchli uchlik hisobida yuritilmaydi.

Reglamentga ko'ra, 16-17 aprel kunlari faqat saralash bahslari, 18 aprel sanasida esa barcha yo'nalishlarda final bahslari bo'lib o'tadi. Tantanali ochilish marosimi ertaga soat 19:30 da musobaqaga mezbonlik qiluvchi poytaxtimizdagi "Universal" gimnastika saroyida bo'lib o'tadi.

Hozirda Sofiyada o'tgan musobaqa yakuni bo'yicha Sabina Tashkenbaeva to'qqizinchi, Ekaterina Fetisova 16-pog'onada turibdi. Umid qilamizki, gimnastikachilarimiz Toshkent turniri orqali Tokio Olimpiadasi yo'lida o'z o'rinlarini yanada mustahkamlab olishadi.

O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi gimnastikachi qizlarimizga musobaqada omad va zafarlar tilab qoladi.

Text to speech