1 Fevral 2022 3245

“UzASBO” tizimida shaffoflik bilan ishlanmoqda

Maʼlumki, Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik doirasida terma jamoalarimizni moliyalashtirish boʻyicha yangicha tizim – “UzASBO” dasturidan foydalanilmoqda. Moliya vazirligi bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan ushbu loyiha sarflanayotgan xarajatlarning shaffofligini taʼminlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov boshchiligida ushbu tizimda olib borilayotgan ishlar boʻyicha ZOOM platformasida onlayn yigʻilish oʻtkazildi. Unda Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Moliya vazirligi, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari, Respublika Oliy sport mahorati maktablari rahbariyati ishtirok etdi. Unda qator masalalar koʻrib chiqildi. Jumladan, Xanchjou shahrida oʻtadigan Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik, qolaversa, “UzASBO” tizimida olib borilayotgan ishlarning shaffofligini taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yigʻilishda “UzASBO” tizimi bilan ishlashdagi bir qator statistikalar alohida eʼtirof etildi. Taʼkidlanishicha, 2022-yil 31-yanvar holatiga koʻra Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan terma jamoalarga xalqaro va mahalliy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish uchun jami 31 ta buyruq imzolangan va Gʻaznachilikning “UzASBO” tizimi orqali sport federatsiyalarga 7,3 mlrd.soʻm yoʻnaltirilgan.

Suhbat davomida Moliya vazirligi vakillari tizim bilan ishlashdagi qulaylik boʻyicha qoʻshimcha fikrlar bildirishdi. Qolaversa, federatsiyalarning masʼullari bilan koʻtarilgan mavzular boʻyicha atroflicha fikrlar almashildi. Yakunda MOQ rahbari ushbu dastur bilan ishlashni yanada kuchaytirish, qatʼiy tizim va temir intizomga amal qilish, kerakli hujjatlarni vaqtida tayyorlash boʻyicha koʻrsatma berdi.

Text to speech