29 Yanvar 2022 2628

Aziz Abduhakimov Pekin-2022 ishtirokchisi bilan suhbatlashdi va unga omad tiladi

Xabaringiz bor, tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Komiljon To‘xtayev 2022 yil 4-20 fevral kunlari Xitoyning Pekin shahrida o‘tkaziladigan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi. Sportchimiz tog‘ chang‘isining slalom va gigant slalom yo‘nalishlaridagi musobaqalarda qatnashadi.

Hamyurtimiz qishki Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida shu yilning 6 yanvarida Italiyaga jo‘nab ketgandi. Shu kunlarda K.To‘xtayev Italiyaning Bruniko shahri yaqinidagi Manguelfo qishlog‘ida italiyalik trener Mattia Ganessi rahbarligida mashg‘ulot olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov sportchimiz bilan onlayn videomuloqot o‘tkazdi.

Videomuloqot avvalida vazir sportchimizning salomatligi va bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik jarayoni, qolaversa yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘radi. Shuningdek, bo‘lajak qishki Olimpiya o‘yinlarida Komiljon To‘xtayevga omad tilagan holda uning ortida avvalo Prezidentimiz, yaqinlari, qolaversa ko‘p millionlik yurtdoshlarimiz turganligini ta’kidlab, undan barcha ijobiy natija kutayotganligini aytib o‘tdi.

- Prezidentimiz va xalqimiz nomidan sizga bo‘lajak musobaqalarda omad tilaymiz. Aslini olganda qishki Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritganligingiz, unda O‘zbekiston sharafini himoya qilishingizning o‘zi katta muvaffaqiyat. Shunday bo‘lsa-da, Olimpiya o‘yinlarida yurtimizga medal taqdim etsangiz, sizni ham yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari kabi tantanalar bilan kutib olamiz va taqdirlaymiz. Eng muhimi, ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etish orqali O‘zbekistonda qishki sport turlarini ommalashtirishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lardingiz. Shuning uchun sizga bo‘lajak musobaqalarda omad va zafar tilaymiz, – dedi Aziz Abduxakimov videomuloqotda.

O‘z navbatida Komiljon To‘xtayev ham avvalo muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, qolaversa Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston chang‘i sporti federatsiyalarining doimiy yordamini his qilayotganligini, yurtimizda so‘nggi yillarda qishki sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, sportchi sifatida bundan mamnun ekanligini e’tirof etdi.

Videomuloqot yakunida K.To‘xtayev Yurtboshimiz va O‘zbekiston xalqini quvontirish uchun astoydil harakat qilishga va’da berdi.

Manba: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Text to speech