Fabio Kannavaro: “Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik koʻryapmiz”
Bugun Milliy futbol markazida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida jahon chempionati oldidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda italiyalik mutaxassis tomonidan toʻxtalib oʻtilgan asosiy mavzular quyidagicha boʻldi:
“Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik koʻryapmiz va juda qattiq ishlayapmiz. Barchamiz mundialga uchib ketishni intiqlik bilan kutyapmiz.
Murabbiy etib tayinlanganimdan keyin murabbiylar shtabi bilan birgalikda barcha futbolchilarni kuzatib bordik. Kimdir terma jamoaga chaqirilmagan boʻlsa, demak u oʻz oʻyini bilan hali meni yetarlicha ishontira olmagan. Hozir jamoaning jismoniy holatini yaxshilash ustida ishlayapmiz.
Oʻrtoqlik uchrashuvlari uchun imkon qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblarni tanlashga harakat qildik. Kanada – musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratishi shubhasiz. Niderlandiya esa Yevropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning oʻyin uslubi va taktik yondashuvi maʼlum jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga oʻxshash.
Masalan, Jaloliddin Masharipov katta tajribaga ega. Agar u optimal sport formasiga chiqsa, jahon chempionatida jamoaga katta foyda keltirishi mumkin. Abbos Fayzullayev kuni kecha gol urdi. Shuningdek, u mehnatkashligi va jangovar xarakteri bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda.
Eng muhimi – bu biz uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim emas, aksincha, oʻyindan zavq olish ruhini berishimiz kerak. Men jamoamizning bor kuchi bilan xalqimiz uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman.
Yanvar oyida boʻlib oʻtadigan Osiyo kubogidagi guruhimiz juda qiziqarli va kuchli raqiblardan iborat. Har bir oʻyin biz uchun jiddiy sinov boʻlib, maksimal eʼtibor va tayyorgarlikni talab qiladi.
Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri – Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yoʻlida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni boʻlsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz”.
Shuningdek, anjuman davomida R.Irmatov terma jamoamizning mundialgacha boʻlgan davrdagi tayyorgarlik rejasi bilan tanishtirdi.