Aichi-Nagoya-2026 Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Bugun poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston delegatsiyasining bo‘lajak Aichi-Nagoya-2026 Osiyo va Para Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Hikmat Toshmatov, para yengil atletika boʻyicha Parij-2024 Paralimpiadasi chempioni Yorqinbek Odilov, sportchilar, sport jamoatchiligi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston terma jamoasi joriy Osiyo o‘yinlarida 42 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etadi. Shundan 36 tasi Olimpiya dasturidan o‘rin olgan. Sportchilarimiz ilk bor sohil voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA kabi sport turlarida debyut qiladi.

Shuningdek, atletlarimiz qit’amiz sportidagi yilning bosh startiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani va bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatlarini ishga solishi qayd etildi.

Quyida matbuot anjumanida yangragan asosiy savollar va ularga berilgan javoblarni keltiramiz.

Yaponiya issiq va nam iqlimi bilan ajralib turadi. Sportchilarimizning qulay ishtiroki uchun qanday sharoitlar yaratilgan?
— Avvalo shuni aytmoqchimanki, bu shunchaki iqlim sharoiti. Haqiqiy sportchi uchun yengib bo‘lmaydigan to‘siqlar mavjud emas. Ob-havo, uning issiq yoki sovuqligi bahona, xolos. Sharoit biz uchun ham, raqiblarimiz uchun ham bir xil. O‘zbekistonlik sportchilar juda chidamli va sharoitga tez moslasha oladi. Ta’kidlash joizki, atletlarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
(Sh. Mahmudov)

Sport turlarimiz uch guruhga bo‘lingan: ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan yo‘nalishlar. Joriy o‘yinlarda medallar bo‘yicha qanday prognozlar kutilmoqda?
— Hozirgi vaqtda ushbu uch guruh vakillarining imkoniyatlari teng, chunki davlat tomonidan barcha sport turlarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bo‘lajak o‘yinlarda barcha yo‘nalish vakillaridan natija kutamiz. Har bir sportchimiz medal qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega.
(Sh. Mahmudov)

— Para Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot bersangiz.
— Para Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida para atletlarimiz uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi. Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida vakillarimiz 11 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etishadi. Shundan uchtasi mamlakatimiz uchun yangi yo‘nalish — para qilichbozlik, para kamondan otish va boccha. Bugungi kunda ushbu sport turlari faol rivojlanmoqda. Umid qilamizki, Para Osiyo o‘yinlarida munosib natijalar qayd eta olamiz.
(H. Toshmatov)

Nega Osiyo o‘yinlarida gandbol bo‘yicha faqat ayollar terma jamoasi ishtirok etadi? Nima sababdan erkaklar terma jamoasi qatnashmaydi?
— Bu masalani federatsiya bilan muhokama qildik va shunday xulosaga keldikki, shunday qaror maqsadga muvofiq. Chunki ayollar terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtirok etish imkoniyati erkaklar terma jamoasiga qaraganda yuqoriroq.
(Sh. Mahmudov)

Matbuot anjumani davomida spikerlar ushbu va boshqa mavzularga oid savollarga batafsil javob berdi.

Text to speech