Toʻrabek Habibullayev: “Murabbiylarimning koʻrsatmasi oltin medal sari yetakladi”
Toʻrabek Habibullayev Liverpulda oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionati qahramonlaridan biri boʻldi. Parij-2024 siklida musobaqalarda -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz bir yil ichida -90 kg toifasiga koʻtarilib, yangi qirralarini namoyish eta oldi va jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.
– Jahon chempionatidagi eng ogʻir jang qaysi boʻldi?
– Jahon chempionatida har bir raqib kuchli. Bunday musobaqalarda hech kim yutqazaman deb ringga chiqmaydi. Hamma bor kuchi bilan jang qiladi. Liverpulda yarim final va final janglari avvalgilariga nisbatan qiyinroq boʻldi. Murabbiylarim tomonidan berilgan toʻgʻri koʻrsatma meni oltin medal sari yetakladi.
– Parij-2024 Olimpiadasidan keyin birdan katta vaznga oʻtildi. Bu vazn yigʻishda qiyinchilik tugʻdirmadimi?
– Avval musobaqalardan oldin katta miqdorda vazn tashlar edim. Keyinchalik bu jarayon qiyinchilik tugʻdira boshladi. Olimpiadadan keyin ustozlarim yuqoriroq vazn toifasiga oʻtishni maslahat berishdi. Bu taklifni qabul qildim. Aytganimdek, oldindan tabiiy vaznim yuqoriroq boʻlgani uchun yangi toifada katta qiyinchilik sezilmadi.
– Los-Anjeles-2028 Olimpiadasiga tayyorgarlik yoʻlida yana qanday jihatlar ustida ishlashingiz kerak deb hisoblaysiz?
– Asosiysi, yanada kuchli boʻlib tayyorlanishim kerak. Ikkinchi Olimpiadamdan faqat oltin medal bilan qaytishni maqsad qilganman. Albatta, buning uchun koʻproq mehnat qilish va tezligim ustida ishlashim kerak boʻladi.