Timur Kapadze: “Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi kuchimizga kuch qoʻshmoqda”

Xabaringiz bor, ertaga Qatarda futbol boʻyicha U23 yosh toifasidagi Osiyo kubogining finalida Oʻzbekiston va Yaponiya terma jamoalari chempionlik uchun bahs olib borishadi. Bugun har ikki jamoa ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda jamoamiz ustozi Timur Kapadze bilan birga sardor Jasur Jaloliddinov ham ishtirok etishdi. Hamyurtlarimiz boʻlajak bahs oldidan quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdilar:

“Ertaga qiziqarli uchrashuv kutib turibdi. Bir-biriga munosib ikki jamoaning oʻyiniga guvoh boʻlamiz. 2-yil avval oʻzimizdagi Osiyo kubogida ular kabi biz ham yosh tarkib bilan harakat qilgan edik. Shuningdek, finalga yetib kelgani va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgani bilan Yaponiya jamoasini ham qutlayman”, – dedi murabbiy.

Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi va finalga chiqqanimiz bilan butun xalqimizni tabriklayman. Ertangi oʻyinga ham munosib tayyorgarlik koʻrib, yaxshi natija koʻrsatishga harakat qilamiz”, – deya javob qildi oʻyinchi.

– Ertaga Yaponiya jamoasidan qanaqa oʻyin kutmoqdasiz? (T.Kapadzega)
Ikkala jamoa ham bir-birini yaxshi biladi. Ularning oʻyinlarini tahlil qilib chiqdik. Final uchun tayyorlagan rejamiz bor va shunga asosan oʻyin koʻrsatamiz.

– Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi oʻzbek futboli uchun qanday ahamiyat kasb etdi? (T.Kapadzega)
– Biz bu natijadan juda ham xursandmiz. Zero, futbolimiz tarixida dastlabki Olimpiada yoʻllanmasiga ega chiqdik. Bizgacha jamoalarimiz harakat qilishgan edi. Lekin qaysidir pallada ularga omad yetishmagan. Olimpiada litsenziyasi kuchimizga yanada kuch qoʻshmoqda. Ertangi finalda yanada yaxshi oʻynashga harakat qilamiz.

– 2022-yilgi musobaqada ham jamoangiz Yaponiyaga qarshi oʻynab, gʻalaba qozongan edi. Ushbu bahsdan qanaqa xotiralar qolgan? (J.Jaloliddinovga)
– Avvalgi musobaqadan yaxshi xotiralar bor. Chiroyli gʻalaba bilan final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edik. Lekin raqibimizga hurmat bilan yondashamiz va ertangi oʻyinga tayyorgarlik koʻrishda davom etamiz.

– Legionerlarning ketishi final uchun rejangizga qanday taʼsir koʻrsatmoqda? (T.Kapadzega)
– Agar legionerlarimiz finalda ham ishtirok etishganida, boshqacha boʻlar edi. Lekin biz Qatarga 11 ta emas, 23 ta futbolchi bilan tashrif buyurganmiz. 3 nafar oʻyinchi ketgani bilan u qadar katta oʻzgarish boʻlmaydi. Har bir oʻyinimiz koʻrsatdiki, jamoada ularning oʻrnini toʻldira oladigan yigitlar bor va ular buni bildirishmaydi. Fursatdan foydalanib, mezbonlarga ajoyib tashkilotchilik va mehmondoʻstlik uchun jamoam nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman.

Text to speech